Qarshi tuman IIB boshlig‘i Otakulov Ulug‘bek Axmatovichning tuman aholisiga murojaati
2026-02-10 13:55:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimizning joriy yil 5 yanvar kuni “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1-sonli hamda “2026 yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2-sonli qarorlari qabul qilindi.
Mazkur qarorlar bilan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslarini zamon talablariga moslashtirish, sodir etiladigan qonunbuzilishlarning asl omillarini o‘z vaqtida aniqlash va kompleks chora-tadbirlar bilan manzilli bartaraf etish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini yanada oshirish dolzarb vazifa sifatida belgilandi.
Qarshi tumanida mazkur qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida tuman hokimligi, Prokuratura, Ichki ishlar bo‘limi, tuman Qo‘riqlash bo‘limi va boshqa mutasaddi tashkilotlarning qo‘shma qarori tasdiqlandi.
Shuningdek, ilmiy-amaliy yondashuvlar va tahlillar asosida 2026 yil 1 oyi davomida tumandagi 54 ta mahallada havfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, qolaversa, o‘tgan 2025 yilda jinoyat sodir etilgan har bir mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishning samarali tizimini shakllantirishga qaratilgan rejalar belgilab olinib, tuman va mahallalar kesimida manzilli chora-tadbirlar “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi hamda ijro uchun mas’ullar belgilandi.
Tumandagi kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha samarali tizimni yo‘lga qo‘yish hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan manzilli ishlarni tashkil etish maqsadida 3 ta mahalla ya’ni Tallikuron, Qoraquchchi, Kat mahallalariga tumandagi ma’sul rahbarlar nomma-nom biriktirildi.
Shu bilan birga, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tadbirlari amalga oshirilishi lozim bo‘lgan shaxslarning ro‘yxatlari shakllantirilib, ularga doir ma’lumotlar “mahalla yettiligi”ga taqdim etilishi natijasida bugungi kunga qadar 14 nafar fuqaroning muammolari o‘rganilib ijobiy hal etildi va qo‘shma xulosalar tuzildi.
Bundan tashqari, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan 465 nafar shaxs tomonidan kelgusida huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasi bilan hamkorlikda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 28 nafari belgilangan tartibda majburiy davolanish uchun viloyat narkalogiya shifoxonasiga yotqizilishi ta’minlandi.
Tumandagi huquq tartibot va boshqa mas’ul idoralar bilan hamkorlikda aholi orasida olib borilgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari natijasida 104 dan ziyod xonadonlar va 8 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlari Qo‘riqlash bo‘limi tomonidan texnik qo‘riqlovga olinishiga erishildi. Shuningdek, ko‘p qavatli uylarning kirish-chiqish yo‘laklari oldiga 4 ta “tashvish tugma”lari ham o‘rnatildi.
Shu o‘rinda siz aziz fuqarolardan, kelgusida o‘g‘irlik va boshqa turdagi jinoyatlarni oldini olish, shuningdek, o‘z xonadonlaringiz hamda boshqa mol-mulklaringizni xavfsizligini ta’minlash maqsadida tumandagi Qo‘riqlash bo‘limining texnik qo‘riqlov pultiga ulanishingizni tavsiya etaman.
Bugungi kunda texnik qo‘riqlash ob’yektiga ulangan barcha turdagi ob’yektlardan bo‘ladigan chaqiruvlarga Qo‘riqlash xizmatining maxsus avtopatrul guruhi xodimlari qisqa vaqtlarda ya’ni 3-5 daqiqa oralig‘ida yetib borishi tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Tumandagi mahallalarda, jamoat joylari va yashash xonadonlarida xavfsiz muhit yaratish, fuqarolar hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga har qanday tajovuzlarning oldini olish maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasiga zamonaviy raqamli texnologiyalar va texnik vositalarni keng joriy etish maqsadida mahallalarning kirish-chiqish joylari, ko‘p qavatli uylar, savdo markazlari, bozorlar hamda maktablarga jami 86 ta zamonaviy turdagi videokuzatuv kameralari o‘rnatildi.
Muhtaram yurtboshimizning 1-son qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidan olib borilgan hamkorlikdagi chora-tadbirlarimiz natijasida joriy yilning 1 oyi yakuni bo‘yicha tahlillarga ko‘ra, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar toifasida bo‘lgan Tallikuron mahallasida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar salmog‘i kamayishiga erishish hamda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar toifasidan chiqarish bo‘yicha manzilli ishlar olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar huquq tartibot va boshqa mas’ul idoralar bilan hamkorlikda erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, ayrim turdagi jinoyatlar salmog‘i oshganligini kuzatishimiz mumkin.
Birgina misol tariqasida, joriy yilning 1 oyi davomida qayd etilgan jami jinoyatlarning 28 tasi yoki 56 foizini axborot texnologiyalari vositasida ya’ni sodda qilib aytganda kibermakonda sodir etilgan jinoyatlar hissasiga to‘g‘ri kelishini ko‘rishimiz mumkin.
Ushbu jinoyatlarning sodir etilish sabab va omillarini tahlil qilganimizda fuqarolarimiz oson va mumay daromad orttirish maqsadida internetdagi moddiy yordam, onlayn kredit, yutuqli o‘yin g‘olibi kabi aldovlar bilan yuborilgan soxta havolalarga kirishlari, telefon qo‘ng‘iroqlarida o‘zini bank xodimi sifatida tanishtirgan notanish shaxsga “SMS kodni” berishlari yoki onlayn do‘konlar orqali “sotuvchi” yoki “xaridor” sifatida firibgarlar tuzog‘iga tushishlari oqibatida bank plastik kartalaridagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari ko‘plab uchramoqda.
Ushbu murojaatim orqali siz aziz fuqarolardan, ijtimoiy tarmoqlar hamda elektron pochta manzillari orqali yuborilgan shubhali havolalarga kirmaslikni, onlayn do‘konlar orqali mahsulotni qabul qilmasdan yoki ko‘rsatilmagan xizmat uchun oldindan to‘lovni amalga oshirmaslikni hamda shaxsiy ma’lumotlarni begona shaxslarga taqdim etmaslikni va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirmaslikni so‘rab qolaman.
Bundan tashqari, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki 1 oy davomida sodir etilgan 9 ta o‘g‘irlik jinoyatining 2 tasi ham chorva o‘g‘irlik jinoyatlari tashkil etmoqda.
Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib fuqarolarimizdan, qarovsiz qolayotgan xonadonlarini qo‘riqlash pultiga ulatish yoki kuzatuv kameralari o‘rnatish choralarini ko‘rish, yirik va mayda shoxli chorva mollarini, avtotransport vositalarini qarovsiz va ochiq holda tashlab ketmaslik, telefon va qimmatbaho buyumlarini olib yurishda loqayd bo‘lmasliklarini so‘rab qolamiz.
Bu bilan Siz o‘z mulkingiz xavfsizligini ta’minlagan va jinoyatlarni oldini olishga hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz.
Hurmatli tumandoshlar!
Murojaatim so‘ngida sizlarni ogohlikka chaqirgan holda aholi xavfsizligiga turli xatarlar bo‘yicha, shuningdek boshqa shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lsa 102-qisqa raqami orqali yoki “ishonch telefon”larimizga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Albatta xabar berganlarning shaxsiga doir ma’lumotlar sir saqlanishiga kafolat beramiz.
E’tiborlaringiz uchun rahmat!
