«Korrupsiyaga qarshi kurash – umummilliy vazifadir. Shu bois hech birimiz bu vazifada chetdan qarab turmasdan, korrupsiyaga nisbatan murosasiz bo‘lishimiz, bir yoqadan bosh chiqarishimiz lozim»
2025-12-23 14:30:00 / Yangiliklar

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu illatdan jahon iqtisodiyoti yiliga 3 trillion dollar zarar ko‘rayotgani barchamizni hushyorlikka undaydi. Joriy yil mart oyida Prezidentimiz raisligida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda ayni masalaga chuqurroq to‘xtalib o‘tildi.
Aytish kerakki, so‘ngi vaqtlarda mamlakatimizning ochiqlik bo‘yicha xalqaro reytinglardagi o‘rni 138 pog‘onaga yaxshilanib, Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda 30-o‘ringa ko‘tarildi va O‘zbekiston bundan keyin ham ochiqlik siyosatini, so‘z erkinligi g‘oyalarini hayotga tatbiq etishda qat’iy davom etishini davlatimiz rahbari alohida ta’kidladi.
Bugun mamlakatimizda korrupsiyani tag-tomiri bilan quritish uchun avvalo inson omili va qog‘ozbozlikni kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu yig‘ilishda Kadrlarda fidoyilik, illatlarga qarshi kurashishda hamjihatlik yetishmayotgani bu boradagi eng katta kamchilik sifatida ko‘rsatib o‘tildi. Mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni qadrlash, kechagi kun bilan bugungi kunni farqini yaxshi tushunish, mahallada, to‘y-marakada ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, halollik va shukronalik bilan hayot kechirishni tushuntirish ishlari bo‘yicha jamiyatimizda yaxshi tajribalar yetishmasligi qayd etildi.
Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish uchun Qarshi tumanida ham barcha zarur choralar ko‘rib borilmoqda. Korrupsiyani oldini olish – davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni “halollik vaksinasi” bilan emlash kabi tadbirlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Lavozimga qo‘yishda xodimning qaysi oliygohni bitirgani yoki qayerda ishlagani emas, qanday bilim-tajribaga egaligi va ko‘rsatgan natijalari asosiy mezon bo‘lmoqda. Bu borada nomzodning kamchiliklari bilan birga yaxshi taraflarini ham xolisona aytish kerak.
Korrupsiyaga qarshi kurash – umummilliy vazifadir. Shu bois hech birimiz bu vazifada chetdan qarab turmasdan, korrupsiyaga nisbatan murosasiz bo‘lishimiz, bir yoqadan bosh chiqarishimiz lozim. Muhimi, butun jamoatchilik vakillari birlashib, bu illatga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarasak, albatta natijalarimiz ham shunga yarasha bo‘ladi.
Z.Alikulov.
