KORRUPSIYANI OLDINI OLISH – UMUMMILLIY VAZIFA
2025-12-22 13:10:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda korrupsiyani jilovlash borasidagi ishlar tahlil etilib, kelgusidagi dolzarb vazifalar belgilab berildi.
“Islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov – bu korrupsiyadir. Buni dunyo tajribasi ham to‘liq tasdiqlaydi. Korrupsiya oqibatida jahon iqtisodiyoti yiliga 3 trillion dollar zarar ko‘rayotgani bu global xavf ekanidan dalolat. Korrupsiya shunday yovuz illatki, u xalqning davlatga, Konstitutsiya va qonunlarga ishonchiga putur yetkazadi, barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun jiddiy tahdidga aylanadi”, - dedi Prezidentimiz.
Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha aniq tizim yaratildi, alohida qonunlar qabul qilindi. Parlament palatalarida mas’ul qo‘mitalar hamda mahalliy Kengashlarda mas’ul doimiy komissiyalar faoliyat olib borishmoqda. Yig‘ilishda Senat kamida 1 ta hududda jinoyatchilikni keskin qisqartirish bo‘yicha, Qonunchilik palatasi esa kamida 1 ta sohada korrupsiyaga barham berish bo‘yicha takliflar berib borishi bu boradagi ishlar natijadorligini yanada oshirishiga ishonch bildirildi.
Yuqorilardan kelib chiqib, Xalq deputatlari Qarshi tuman Kengashi deputatlari ham korrupsiya yuqori bo‘lgan kamida 2 ta sohada maishiy va tizimli korrupsiya omillarini chuqur o‘rganib, tahlillar asosida qaysi jarayonga o‘zgartirilishlar kiritish yuzasidan tegishli tashkilotlar hamkorligida Kengash sessiyalarida ma’sullarni hisobotlarini eshitish amaliyotini yo‘lga qo‘yishimiz zarur.
Biz deputatlar yurtboshimizga kamarbasta bo‘lgan holda korrupsiyani oldini olishda keng jamoatchilik ko‘magida sidqidildan ishlashimiz talab etiladi. Ana shundagina bu global xavfni bartaraf eta olamiz. Bir so‘z bilan aytganda, davlat rahbari tomonidan korrupsiyani oldini olish bo‘yicha ilgari surilgan hayotiy tashabbuslar bu yo‘lda barcha harakatlarni birlashtirish va illatga qarshi birgalikda, bir tanu bir jon bo‘lib kurashish kerakligini talab etadi. Zero, bu umummilliy sa’y-harakatlarimiz shubhasiz, mamlakatimizning yaqin va uzoq yillar uchun belgilab olingan rivojlanish strategiyalarini to‘liq amalga oshirishga xizmat qiladi.
D. TURSUNOV,
Xalq deputatlari Qarshi tumani kengashi kotibiyat mudiri.
