Davlat auditida sun’iy intellektni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
2026-07-23 20:20:00 / Jamg'arma yangiliklari

Joriy yilning 23-iyul kuni Pensiya jamg‘armasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat auditi faoliyatida sun’iy intellekt va raqamlashtirishni yanada rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF–123-sonli Farmoni ijrosiga bag‘ishlangan seminar-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Hisob palatasi vakili U.Artiqmuradov, Pensiya jamg‘armasi rahbariyati hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Seminar-yig‘ilishda Farmon bilan davlat auditi tizimida yangi yondashuv joriy etilayotgani ta’kidlandi. Endi nazorat ishlari faqat kamchiliklarni aniqlash bilan cheklanmay, xavf-xatarlarni oldindan baholash va bartaraf etishga qaratilgan proaktiv tizim asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek:
➖ masofaviy tashqi auditni keng joriy etish;
➖ sun’iy intellekt texnologiyalaridan audit jarayonlarida samarali foydalanish;
➖ axborot tizimlarini "Davlat auditi" platformasiga integratsiya qilish;
➖ 2029 yilga qadar masofaviy audit ulushini kamida 75 foizga yetkazish;
➖ yuqori malakali auditorlar tayyorlash kabi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Seminar-yig‘ilish yakunida Farmon ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash, mas’ullarning vazifalarini aniq belgilash hamda amaliy chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.



