Jamgʻarmaning asosiy vazifalari va funksiyalari
- Quyidagilar Jamgʻarmaning asosiy vazifalari va funksiyalari hisoblanadi:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolarning davlat pensiya taʼminotini tashkil etish, fuqarolarga pensiyalar, kompensatsiya toʻlovlari va boshqa toʻlovlarni tayinlash, pensiyalar va boshqa toʻlovlar miqdorlarining qayta hisoblab chiqilishini taʼminlash;
pensiyalar va boshqa toʻlovlarni toʻliq hajmda moliyalashtirish va toʻlanishini tashkil etish, ular boʻyicha hisob va hisobotni yuritish;
tizimli asosda pensiyalar tayinlash va ularni qayta hisoblashning doimiy tahlilini oʻtkazish va oʻrganishni olib borish, fuqarolarning pensiya taʼminotiga yoʻnaltiriladigan mablagʻlardan qatʼiy maqsadli foydalanilishini taʼminlash;
boquvchisini yoʻqotgan taqdirda, shuningdek mehnatda mayib boʻlganlik yoki xodim mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik tufayli tayinlangan pensiyalarga toʻlangan mablagʻlarni daʼvolar boʻyicha aybdor yuridik va jismoniy shaxslardan belgilangan tartibda undirib olishni tashkil etish.
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (keyingi oʻrinlarda — Qonun deb ataladi) 12-moddasi “b” bandi va 14-moddasiga muvofiq tayinlangan pensiyalarni toʻlashga xarajatlarni qoplash uchun mablagʻlarni yuridik shaxslardan belgilangan tartibda undirib olishni tashkil etish;
- Jamgʻarma oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) Jamgʻarmaning daromadlari boʻyicha:
Jamgʻarma ijtimoiy soliq va boshqa toʻlovlardan tushgan mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Gʻaznachilik deb ataladi) hisobraqamiga jamlaydi hamda pensiyalar, kompensatsiya va boshqa toʻlovlar boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirishni taʼminlaydi. Bunda, kompensatsiya va boshqa toʻlovlarni respublika budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiradi;
har yili manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Jamgʻarma daromadlari tushumlar prognozini ishlab chiqadi;
davlat ijtimoiy sugʻurtasi tizimining barqarorligini taʼminlash va uni yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining oʻrtacha va uzoq muddatli prognozlarini tayyorlaydi;
boquvchisini yoʻqotgan taqdirda, shuningdek, mehnatda mayib boʻlganlik yoki xodim mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik tufayli tayinlangan pensiyalarga sarflangan mablagʻlarni Qonunga muvofiq aybdor yuridik va jismoniy shaxslardan regress daʼvolar boʻyicha belgilangan tartibda undirib oladi;
Qonunning 12-moddasi “b” bandi va 14-moddasiga muvofiq tayinlangan pensiyalarni toʻlashga sarflangan mablagʻlarni yuridik shaxslardan regress daʼvolar boʻyicha belgilangan tartibda undirib oladi;
ijtimoiy soliq va boshqa toʻlovlar tushishi hisobini olib boradi;
b) pensiyalarni tayinlash hamda qayta hisoblab chiqish boʻyicha:
pensiyalarni tayinlash va qayta hisoblab chiqish uchun zarur boʻlgan arizalar va boshqa hujjatlarni qabul qiladi, ularni qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtiradi;
pensiyalarni tayinlash uchun yuridik shaxslar va fuqarolar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni belgilangan tartibda tayyorlaydi, koʻrib chiqadi va tekshiradi;
Jamgʻarmaning tuman (shahar) boʻlimlarida pensiyalar tayinlash boʻyicha komissiyalar faoliyatini tashkil etadi;
pensionerlarning pensiya ishlarini qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlarni rasmiylashtiradi, pensionerlarga pensiya guvohnomalarini beradi;
pensiyalar tayinlash uchun hujjatlarni rasmiylashtirishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;
tashkilotlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar va dehqon xoʻjaliklari aʼzolari tomonidan taqdim etilgan pensiyalar olish huquqini beradigan hujjatlarning ishonchliligini tekshiradi;
v) pensiyalar, kompensatsiya va boshqa toʻlovlarga xarajatlarni amalga oshirish boʻyicha:
pensiyalarni hisoblab chiqish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshiradi, pensiyani yetkazib berish yuklatilgan tijorat banklari filiallari orqali pensiyalar toʻlash yuzasidan topshiriqlarni rasmiylashtiradi va beradi;
pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot, banklar tomonidan pensiyalarning oʻz vaqtida va toʻgʻri yetkazib berilishi hamda toʻlanishi yuzasidan doimiy oʻrganishni va nazoratni amalga oshiradi;
tashkilotlarning ishlaydigan 16 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolaning ota-onalaridan biriga (vasiyga, homiyga) bir oyda qoʻshimcha dam olish kuni uchun toʻlov, Chernobil halokati oqibatida zarar koʻrgan fuqarolarga kompensatsiya toʻlovlarini va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlarga xarajatlarini moliyalashtiradi;
g) fuqarolarning pensiya taʼminoti bilan bogʻliq boshqa masalalar boʻyicha:
ommaviy axborot vositalari yordamida respublika aholisini fuqarolarning pensiya taʼminoti masalalari boʻyicha xabardor qiladi;
belgilangan tartibda tayinlangan shaxsiy pensiyalar toʻlanishini tashkil etadi;
imtiyozli pensiya taʼminoti huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlar roʻyxatlarini qoʻllash masalalari boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi, imtiyozli pensiyalarni takomillashtirish va tartibga solish boʻyicha takliflar ishlab chiqilishini tashkil etadi;
jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda koʻrib chiqadi, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi;
pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot va tijorat banklarida pensiya va boshqa toʻlovlarning oʻz vaqtida toʻlanishi boʻyicha oʻrganishni olib boradi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda qatnashadi, fuqarolarning pensiya taʼminoti masalalari boʻyicha zamonaviy nazariy ishlanmalarni va xorijiy tajribani oʻrganadi;
Jamgʻarmaning mablagʻlarini oluvchilar, pensiyalar tayinlash va toʻlash toʻgʻrisidagi axborotni ishlab chiqishda qatnashadi va avtomatlashtirilgan tizimda qayta ishlashni joriy etadi;
pensiya taʼminoti masalalari boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
Jamgʻarma vakolatiga tegishli boʻlgan masalalar boʻyicha qonunchilik hujjatlarini qoʻllash amaliyotini umumlashtiradi;
pensiya taʼminoti masalalari va Jamgʻarmaning vakolatiga tegishli boʻlgan boshqa masalalar boʻyicha xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tadbirlarini amalga oshiradi;
d) Jamgʻarma vakolatiga tegishli masalalar boʻyicha eʼtiroz-daʼvo ishlari oʻtkazilishini tashkil etadi va amalga oshiradi.
- Jamgʻarma oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Jamgʻarma vakolatiga tegishli masalalar boʻyicha axborotni davlat organlari va boshqa tashkilotlardan belgilangan tartibda soʻrash va olish;
oʻz vakolatlari doirasida Jamgʻarmaning vazifalarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni va metodik hujjatlarni ishlab chiqish;
ijtimoiy soliq va boshqa toʻlovlar miqdorlarini belgilash, shuningdek pensiya taʼminotiga tegishli boʻlgan boshqa masalalar boʻyicha takliflar kiritish;
Jamgʻarma vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
Jamgʻarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Asos:
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasining tashkiliy tuzilmasini shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1252-son qarori
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 19-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 30-son qarori
