Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi apparati rahbariyati tomonidan 2026-yilning birinchi yarim yili davomida oʻtkazilgan sayyor hamda shaxsiy qabullar toʻgʻrisida
2026-07-03 17:55:00 / Jamg'arma yangiliklari
Pensiya jamg‘armasi rahbariyati tomonidan 2026-yilning birinchi yarim yilligida fuqarolar bilan ochiq muloqotlar tizimli tashkil etildi.
Fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ularning qonuniy manfaatlarini ta'minlash hamda pensiya ta'minoti sohasidagi muammolarni joyida hal etish Pensiya jamg‘armasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi Qonuni hamda davlat organlari faoliyatida "Inson – jamiyat – davlat" tamoyili asosida Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparati rahbariyati tomonidan fuqarolar uchun shaxsiy va sayyor qabullar muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda.
Xususan, Pensiya jamg‘armasi rahbariyati tomonidan hududlarda 14 ta sayyor qabullar o'tkazildi.
2026-yilning o‘tgan birinchi yarim yilligida tasdiqlangan reja-grafik asosida hududlarda jami 14 marotaba sayyor qabul tashkil etildi.
Jumladan:
- 5 ta sayyor qabul — ijro etuvchi direktor;
- 5 ta sayyor qabul — ijro etuvchi direktorning birinchi o‘rinbosari;
- 4 ta sayyor qabul — direktor o‘rinbosari tomonidan o'tkazildi.
- Sayyor qabullarda jami 713 nafar fuqarolar ishtirok etdi.
Shundan 129 nafar fuqaro o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan murojaat qildi.
Murojaatlarning 65 tasi (50,4 foizi) joyida ijobiy hal etilib, fuqarolarga amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan batafsil huquqiy tushuntirishlar berildi.
Qolgan 64 ta murojaat yozma ravishda qabul qilinib, belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi. Natijada:
- 35 ta murojaat huquqiy tushuntirish berish orqali hal etildi;
- 24 ta murojaat ijobiy yechim topdi;
- 5 ta murojaat vakolat doirasidan kelib chiqib tegishli tashkilotlarga yuborildi.
Fuqarolar murojaatlarini joyida va tezkor ko‘rib chiqish bilan bir qatorda, Pensiya jamg‘armasi rahbariyati tomonidan shaxsiy qabullar ham muntazam ravishda tashkil etib borildi.
Hisobot davrida Pensiya jamg‘armasi rahbariyati tomonidan jami 12 marotaba shaxsiy qabul o'tkazildi.
Ularning 2 tasi videokonferensaloqa shaklida tashkil etilib, uzoq hududlarda yashovchi fuqarolar uchun masofadan turib murojaat qilish imkoniyati yaratildi.
Mazkur qabullar davomida fuqarolarning pensiya tayinlash, pensiya miqdorini hisoblash, ish stajini tasdiqlash, imtiyozli pensiyalar hamda boshqa ijtimoiy masalalar yuzasidan murojaatlari tinglanib, ularni qonunchilik asosida hal etish yuzasidan zarur choralar ko‘rildi.
Ochiq muloqot — fuqarolar ishonchini mustahkamlamoqda
Pensiya jamg‘armasi rahbariyati tomonidan joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar fuqarolarning muammolarini bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganish, ularni ortiqcha ovora qilmasdan tezkor hal etish imkonini bermoqda.
Shuningdek, fuqarolarning taklif va tashabbuslarini eshitish, ularga huquqiy maslahat berish hamda pensiya qonunchiligidagi yangiliklarni tushuntirish ishlari ham sayyor qabullar doirasida izchil amalga oshirilmoqda.
Fuqarolar manfaati — ustuvor vazifa
Pensiya jamg‘armasi tomonidan fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, rahbariyatning joylardagi ochiq muloqotlarini kengaytirish hamda murojaatlarni qisqa muddatlarda sifatli ko‘rib chiqishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Kelgusida ham tasdiqlangan reja-grafik asosida shaxsiy va sayyor qabullar muntazam davom ettirilib, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta'minlash, pensiya tizimidagi dolzarb masalalarni joyida hal etish hamda aholining Pensiya jamg‘armasi faoliyatiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash yo‘lida tizimli ishlar izchil davom ettiriladi.
Manba: Pensiya jamgʻarmasi matbuot xizmati
