Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi apparati rahbariyati tomonidan 2026-yil I chorak davomida oʻtkazilgan sayyor hamda shaxsiy qabullar toʻgʻrisida
2026-04-07 20:30:00 / Jamg'arma yangiliklari
Pensiya jamgʻarmasi tomonidan 2026-yil I chorak yakunlari bo‘yicha sayyor va shaxsiy qabullar samarali tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga muvofiq, Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi apparati rahbariyati tomonidan fuqarolar hamda yuridik shaxslar vakillarini qabul qilish tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan. Shaxsiy qabullar belgilangan kun va soatlarda tasdiqlangan jadval asosida muntazam oʻtkazib borilmoqda.
2026-yilning I choragi davomida Pensiya jamgʻarmasi rahbariyati tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida hududlarda jami 6 marotaba sayyor qabullar tashkil etildi. Ushbu qabullarning 3 tasi ijro etuvchi direktor, 1 tasi ijro etuvchi direktorning birinchi o‘rinbosari hamda 2 tasi direktor o‘rinbosari tomonidan o‘tkazildi.
Sayyor qabullarda jami 348 nafar fuqaro ishtirok etib, ularning 72 nafari o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan murojaat qildi. Mazkur murojaatlarning 30 tasi yoki 41,7 % joyida ijobiy hal etilib, fuqarolarga zarur huquqiy tushuntirishlar berildi. Qolgan 42 ta murojaat yozma ravishda qabul qilinib, belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi. Ushbu yozma murojaatlarning 25 tasiga huquqiy javob berish orqali hal etilgan bo‘lsa, 15 tasi ijobiy hal etilgan hamda 2 tasi esa tegishli tashkilotlarga yo‘naltirildi.
Shuningdek, I chorak davomida rahbariyat tomonidan jami 6 marotaba shaxsiy qabullar o‘tkazildi. Ularning 2 tasi videokonferensaloqa orqali tashkil etilib, fuqarolarga masofadan turib murojaat qilish imkoniyati yaratildi. Ushbu qabullar ham fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, ularning muammolarini tezkor va samarali hal etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
“Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida tashkil etilayotgan bunday ochiq muloqotlar fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, chuqur tahlil qilish va samarali hal etishda muhim vosita sifatida xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, yuzma-yuz muloqotlar orqali aholi dardini bevosita eshitish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyati kengayib, davlat organlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini ta’minlashda asosiy omillardan biriga aylanmoqda.
2026-yilning o‘tgan davrida tashkil etilgan shaxsiy va sayyor qabullar orqali pensiya tizimidagi dolzarb masalalar yuzasidan ko‘plab murojaatlar ijobiy yechim topdi. Bu esa davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, fuqarolar bilan ochiq va konstruktiv muloqotni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Kelgusida ham Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi apparati rahbar xodimlari tomonidan hududlarda sayyor va shaxsiy qabullar tasdiqlangan reja-grafik asosida davom ettiriladi. Ushbu jarayonlar orqali fuqarolarning murojaatlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.
