Pensiya jamgʻarmasi tomonidan 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar hisoboti
2025-12-29 16:50:00 / Jamg'arma yangiliklari
Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi
ijro etuvchi direktori
Murodbek Atadjanov
Shaxsiy masʼuliyat, temir intizom, kasbiy gʻurur va professional mahorat — ijro intizomining mustahkam poydevoridir.
Prezidentimizning: “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tashabbuslari barcha davlat boshqaruv organlarining ijro tizimiga katta masʼuliyat yukladi. Bunda, islohotlarning samaradorligi va koʻzlangan maqsadlarga erishishda bevosita har bir tashkilotda mustahkam ijro intizomining yoʻlga qoʻyilganligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-117-son Farmonining qabul qilinganligi davlat idoralari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlash imkonini berdi.
Bugungi kunda mazkur Farmonga muvofiq, tizimda ijro intizomini mustahkamlash, fuqarolarga koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish boʻyicha budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.
Aholiga xizmat koʻrsatish yoʻnalishida
Xususan, 2025-yil 1-martdan boshlab yoshga doir pensiyalarni fuqarolar pensiya yoshiga toʻlishi munosabati bilan alohida murojaat talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibi joriy etildi.
Buning natijasida, 2025-yilning oʻtgan davri mobaynida 53,4 ming nafar fuqarolarga alohida murojaat talab etmagan holda (proaktiv shaklda) yoshga doir pensiyalar tayinlandi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 19-maydagi “Aholiga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi
OʻRQ–1066-son Qonuniga muvofiq “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-maydagi “Nogironlik pensiyalari va kompensatsiyalarni tayinlashda proaktiv xizmatlarni joriy etish toʻgʻrisida”gi PQ–194-son qarori qabul qilinib, unga muvofiq:
- 2025-yil 1-iyuldan boshlab I yoki II guruh nogironligi belgilanganda pensiyalarni alohida murojaat talab etmasdan (proaktiv shaklda) tayinlash joriy etildi;
- koʻrish qobiliyati boʻyicha I guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga hamda yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan shaxslarga kompensatsiyalarni elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida proaktiv shaklda tayinlashi joriy etildi;
- nogironlik pensiyasi tayinlangandan soʻng kamida 1 yil ish stajiga ega boʻlganda fuqaroning pensiya miqdorini har 2 yilda proaktiv shaklda qayta hisoblash;
- 2025-yil 1-oktyabrdan davlat pensiya taʼminotiga oid hamda AT “Xalq banki” tomonidan pensiyalarni naqd pul shaklida toʻlash bilan bogʻliq xizmatlar fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) hamda ularning imzosini elektron shaklda olish orqali amalga oshirilishi joriy qilindi.
Vazirlik va idoralar bilan raqamli integratsiya
Fuqarolarga ortiqcha muammolarsiz pensiya tayinlanishi uchun Pensiya jamgʻarmasi tomonidan bugungi kunda 26 ta vazirlik va idoralar bilan 79 turdagi maʼlumotlarning integratsiyasi yoʻlga qoʻyildi.
Aholi bilan muloqot oʻrnatish
Bundan tashqari, 2025-yilda jismoniy va yuridik shaxslardan kelgan 9,5 mingta ariza, shikoyat va takliflar oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilishi taʼminlandi.
Qishloq va mahalla fuqarolar yigʻinlarida pensiya taʼminotiga oid masalalar boʻyicha fuqarolar bilan 7 402 marotaba sayyor uchrashuvlar oʻtkazildi.
Buning natijasida murojaatlar soni oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2 403 taga yoki 25% ga kamaydi.
Shuningdek, 26 ta vazirlik va idoralar bilan 79 turdagi maʼlumotlarni elektron shaklda almashish orqali 2025-yilda jami 3,8 mln.dan ortiq fuqarolarga jamgʻarma xizmatlari proaktiv va interaktiv shaklda koʻrsatildi.
Pensiyalarni tayinlash va toʻlanishi
Bugungi kunda Pensiya jamgʻarmasi hisobida turib pensiya olayotgan fuqarolar soni 4,2 mln.dan ortiqni tashkil etdi. Jumladan, 2025-yilning oʻtgan davri davomida Pensiya jamgʻarmasi tomonidan 291,5 ming nafar fuqarolarga yangi pensiyalar tayinlandi.
Taʼkidlash joizki, bank plastik kartalari orqali pensiya oluvchi fuqarolarga har oyning 5-sanasiga qadar, naqd shaklda pensiya oluvchilarga esa har oyning 4–27-sanalarida pensiya mablagʻlari toʻliq (100%) moliyalashtirib berilishi taʼminlanmoqda.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, albatta, xalq bilan ochiq muloqot yoʻlga qoʻyilishi, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashning yangicha tizimi yaratilishi qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini samarali taʼminlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Sohada qilinayotgan islohotlarning davomi oʻlaroq, Pensiya jamgʻarmasi tomonidan 2026-yil yakuniga qadar pensiya taʼminotiga oid barcha xizmatlar toʻliq proaktiv hamda interaktiv shaklga oʻtkazilishi, shuningdek, fuqarolarning mavjud ish staji va ish haqlari toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlarga asosan pensiya miqdorlarini oldindan aniqlash boʻyicha “Mening pensiyam” onlayn xizmati joriy etilishi rejalashtirilgan.
