O‘zbekiston oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro tashabbuslarda faol ishtirok etmoqda
2025-10-15 13:35:00 / Yangiliklar

Bugun Xitoyning Shanxay shahrida oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman boshlandi. Tadbir “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, u jahon miqyosidagi eng yirik hamkorlik platformalaridan biri hisoblanadi.
Anjumanning asosiy maqsadi — davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish, infratuzilmani rivojlantirish va xalqlar o‘rtasida o‘zaro muloqotni faollashtirishdan iborat.
Anjumanda O‘zbekiston, Xitoy, Turkiya, Gruziya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Boliviya, Bruney, Kambodja, JAR, Yaman va boshqa mamlakatlar vakillari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston uchun “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi strategik ahamiyatga ega. Yaqinda SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi doirasida bodom va qovun eksporti bo‘yicha ikkita muhim Bayonnoma imzolandi. Natijada Xitoy bozoriga fitosanitar ruxsat berilgan mahsulotlar soni 27 taga yetdi. Shu bilan birga, yaqin orada quritilgan olcha va lavlagi eksporti uchun ham ruxsat olish rejalashtirilgan.
Quritilgan mahsulotlar jahon bozorida yuqori talabga ega va yuqori qo‘shilgan qiymatni ta’minlaydi. Bu nafaqat eksport hajmini oshirishga, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishga ham xizmat qiladi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori Ibrohim Ergashev so‘zga chiqdi va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasi to‘g‘risida ma’lumot berdi.
O‘zbekistonda eksport /import jarayonlariga raqamli texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Xususan, Xitoy bilan elektron fitosanitar sertifikatlar (E-Phyto IPPC) tizimiga ulanish ishlari olib borilyapti. Bu chegaradagi to‘siqlarni kamaytiradi, savdo jarayonlarini soddalashtiradi va eksport tizimini yanada shaffof qiladi.
Mazkur o‘zgarishlar nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida oziq-ovqat xavfsizligi va xalqaro savdo barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. O‘zbekiston xalqaro anjumanlarda faol ishtirok etish orqali tashqi siyosatdagi ochiqlik va hamkorlik tamoyillariga amal qilayotganini yana bir bor namoyon etmoqda.
Tadbir yakunida “Shanxay deklaratsiyasi” qabul qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, raqamli texnologiyalarni joriy etish va chegara orti savdosini yengillashtirishga qaratilgan muhim hamkorlik yo‘nalishlari belgilanishi nazarda tutilgan.




