Eksportda markirovka talablari: Andijon pistasi misolida saboq
2025-08-15 19:10:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondan Qirg‘izistonga eksport qilingan pista qaytarilgani haqida xabarlar e’lon qilindi. Holat yuzasidan surishtiruv olib borilib, quydagi ma’lumotlar aniqlanganini ma’lum qilamiz.
Andijon viloyatidan 3,5 tonna xandon pista mahsuloti Qirg‘iziston Respublikasiga eksport qilish uchun tayyorlangan. Mahsulot belgilangan tartibda Qirg‘izistonga jo‘natilgan bo‘lsa-da, to‘liq markirovka talablariga rioya qilinmagani sababli qo‘shni davlat hududida ushlab qolingan va ortga qaytarilgan.
Andijon viloyatining “Do‘stlik” o‘simliklar karantini chegara maskanida markirovka qilinmagan qoplar ajratib olindi hamda eksportchi kompaniya tomonidan mahsulotga to‘liq markirovkalandi. Eksport bo‘yicha talablar bajarilganidan so‘ng yuk fitosanitar sertifikat asosida Qirg‘iziston Respublikasiga eksport qilindi.
Takroriy eksport vaqtida mahsulotlar to‘liq markirovka qilinganligi bois Qirg‘iziston Respublikasida rasmiylashtiruvidan o‘tkazilib, savdoga chiqarildi.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi barcha eksportyorlarga xalqaro va ikki tomonlama kelishuvlarda belgilangan markirovka talablariga qat’iy amal qilish muhimligini eslatib o‘tadi. Ushbu talablar mahsulotning fitosanitar va bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida kechikishlar bo‘lmasligi, xalqaro bozorda raqobatbardoshlikni ta’minlash va sifat kafolatini mustahkamlash uchun muhim ahamiyatga ega.
