Xavfli import: Isroilda soxta fitosanitariya hujjatlari bilan kiritilgan 47 ta pomidor konteyneri fosh etildi
2025-12-24 13:05:00 / Yangiliklar

Xavfli import: Isroilda soxta fitosanitariya hujjatlari bilan kiritilgan 47 ta pomidor konteyneri fosh etildi
Isroil Qishloq xo‘jaligi vazirligi inspektorlari Ashdod portida o‘tkazilgan reja asosidagi tekshiruv davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importini nazorat qilish tizimini chetlab o‘tishga qaratilgan murakkab qalbakilashtirish sxemasini aniqladi.
Tekshiruvlar chog‘ida Ozarbayjondan olib kelingani ko‘rsatilgan pomidor partiyalari soxta fitosanitariya sertifikatlari bilan rasmiylashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Ayrim hujjatlarda hatto Ozarbayjon Oziq-ovqat xavfsizligi agentligining rasmiy saytiga o‘xshash, ammo soxta bo‘lgan internet manzillariga havolalar keltirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil sentabr oyining oxiridan buyon Isroilga jami 47 ta pomidor konteyneri aynan shunday qalbakilashtirilgan hujjatlar asosida olib kirilgan. Newsru.co.il nashrining yozishicha, real nazoratsiz olib kirilgan bunday mahsulotlar aholining sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi, shuningdek, mamlakat qishloq xo‘jaligi uchun ekologik va iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin.
Isroil Qishloq xo‘jaligi vazirligi mazkur qalbakilashtirish holatlari Ozarbayjon rasmiy idoralari ishtirokisiz amalga oshirilganini ta’kidlab, holat yuzasidan tergov ishlari Boku bilan yaqin hamkorlikda olib borilayotganini ma’lum qildi.
Shu munosabat bilan, Boku rasmiylari Tel-Aviv bilan hamkorlikda Ozarbayjon nomidan boshqa davlatlarga qalbaki fitosanitariya hujjatlari rasmiylashtirish orqali eksportni amalga oshirayotgan soxta tadbirkorlarni aniqlash va fosh etishga qaratilgan tegishli tekshiruv hamda hamkorlik choralarini boshladi.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjondan Isroilga pomidor importi 2023-yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligining meva-sabzavot importi geografiyasini kengaytirishga qaratilgan tashabbusi doirasida boshlangan. Hozirgi vaqtda Isroilga pomidor importiga 31 ta davlatdan ruxsat etilgan.
