Jahon banki bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “Energetika islohotlari uchun innovatsion resurslarini qo‘llash” (iCRAFT) loyihasi doirasida energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar uchun birinchi transh mablag‘lari ajratildi
2024-06-13 19:10:00 / Yangiliklar

2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sishni taʼminlash dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, milliy iqtisodiyot, xususan, sanoatning kam uglerodli rivojlanishini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 8 avgustdagi PQ-271-son qaroriga muvofiq, Jahon banki ko‘magida “Energetika islohotlari uchun innovatsion resurslarini qo‘llash” (iCRAFT) loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha ikki komponentdan tashkil topgan bo‘lib, birinchi komponent mablag‘lari – xalqaro issiqxona gazlari savdosi simulyatsiyasini amalga oshirish maqsadida O‘zbekistonda energetika tarif islohotlari natijasida qisqartirilgan issiqxona gazlari emissiyasini o‘lchash, hisoblash va tasdiqlashni yo‘lga qo‘yish uchun ajratilgan grant mablag‘lari hisoblanadi.
Joriy yilning 12 iyunida loyihaning “Qisqartirilgan emissiyalarni sotib olish shartnomasi” (ERPA) birinchi komponenti doirasida qisqartirilgan 500 ming tonna uglerod emissiyalari mustaqil uchinchi tomondan tasdiqlangan bo‘lib, Jahon banki tomonidan 7,5 mln AQSH dollari miqdorida birinchi transh mablag‘lari ajratildi.
Ajratilgan mablag‘larning bir qismi energetika sohasini tartibga solish va institutsional islohotlarni amalga oshirish, bunda yangi tuzilgan Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi hamda “O‘zenergosotish” AJ faoliyatini qo‘llab-quvvatlash kabi chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.
Mazkur grant mablag‘larining Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligiga ajratilgan qismi energetika bozorini rivojlantirishga oid qonunchilik bazasini shakllantirishda hamda huquqiy normativ hujjatlarni tayyorlashda konsultantlarni jalb qilish, xorijiy ekspertlar ishtirokida savdo maydonchasini yaratish bo‘yicha texnik topshiriqlar tayyorlash, xodimlarning malakasini oshirish va treninglar o‘tkazishga sarflanadi.
Xususan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi "Elektr energetikasi" to‘g‘risidagi qonuni va Magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish qoidalarini ishlab chiqishda muhim rol o‘ynaydi. Jahon banki tomonidan jalb qilingan ekspertlarning texnik ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozorlari qoidalari ishlab chiqiladi.
Mazkur loyiha toza energiya ishlab chiqarishga, energiya samaradorligini oshirishga va energetika bozorini isloh qilishda ko‘mak beradi. Loyiha O‘zbekistonga iqlim o‘zgarishi sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda va energiya resurslaridan samarali foydalanishda yordam beradi.