Oliy ta’limni xalqarolashtirish: O‘zbekiston va xorijiy oliy ta’lim muassasalari forumi o‘tkazildi
2024-04-16 20:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Unda Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada va Irlandiyadan jami 9 ta oliy ta’lim muassasasining vakillari hamda respublika oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Forum ochilishida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Otabek Mahkamov so‘nggi yillarda sohada tizimli olib borilayotgan islohotlar, shu jumladan ilm-fan hamda innovatsion mahsulot va xizmatlarni yaratishda xalqaro hamkorlikning ahamiyati ortib borayotgani, bunda bu kabi xalqaro anjumanlar o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tashi haqida to‘xtaldi.
“ushbu forum oliy ta’lim muassasalarining strategiyalar va salohiyatni oshirish loyihalarida ishtirok etishi hamda ularning xalqaro rivojlanishishi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi” – dedi vazir o‘rinbosari.
Anjuman davomida “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamda xorijiy universitet vakillari tomonidan xorijda tahsil olish istagida bo‘lgan yoshlar uchun ajratiladigan grant dasturlari haqida taqdimotlar qilindi. Shundan so‘ng O‘zbekiston va xalqaro universitetlar o‘rtasida B2B uchrashuvlari tashkil etilib, o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari va istiqbolli rejalar yuzasidan qator kelishuvlarga erishildi.









