Vazir Yangiyer filialida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlarini ko‘zdan kechirdi
2025-09-27 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari
26-sentyabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik darajasi, amalga oshirilgan ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari, shuningdek, talabalar uchun yaratilgan turar joy sharoitlari bilan tanishdi.

Vazir yaqinda foydalanishga topshirilgan 560 o‘rinli talabalar yotoqxonasi sharoitlarini ko‘zdan kechirib, xonalar, oshxona, yuvinish xonalari va xavfsizlik vositalarining talabga mosligini baholadi. Shuningdek, filial mas’ullari bilan xalqaro tajribani joriy etish masalasi muhokama qilinib, xorijiy talabalarni jalb etishda yotoqxona sharoitlarining ahamiyati ta’kidlandi.
Yakunda Qo‘ng‘irotboy Sharipov talabalar hamda “Qalqon” jamoatchilik guruhi a’zolari bilan uchrashib, ularning fikr va takliflarini tingladi. Vazir yoshlarga yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligini qayd etib, ularning kelajakdagi yutuqlari mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishini bildirdi.






