O‘zbekistonda ilg‘or muhandislik maktablari: konsepsiya va istiqbollar
2024-03-16 17:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Mehmonlar talabalardan iborat “FarPI xor” jamoasi a’zolari ijrosidagi institut madhiyasi bilan kutib olindi. Shundan so‘ng, vazir so‘zga chiqib, bugungi seminar mavzusi dolzarb ekanligi hamda institutdagi ilg‘or muhandislik maktablari faoliyatini yaqindan o‘rganish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, vazir institut talabasi Muhayyo Yo‘ldoshovaning “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti olgani bilan tabriklab, esdalik sovg‘alarini berdi.
Seminar ishtirokchilari institutidagi talabalarning mustaqil ta’lim olishlari uchun yaratilgan “Renaissance hall” hamda “Ta’limning kredit tizimini boshqarish sektori” (Student oficce) faoliyati bilan tanishtirildi.
So‘ng, “O‘zbekistonda ilg‘or muhandislik maktablari: konsepsiya va istiqbollar” mavzusidagi seminar bo‘lib o‘tdi. Unda respublikamizdagi 33 ta texnika oliy ta’lim muassasalari rektor hamda direktorlari ishtirok etdi.
Ushbu loyihaning asosiy maqsadi mamlakat iqtisodiyotining lokomotivlari bo‘lgan yuqori texnologiyali kompaniyalar bilan hamkorlikda ilg‘or muhandislik maktablarini tashkil etish, mamlakatning texnologik, ijtimoiy va iqtisodiy rivojiga xizmat qiladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, innovatsion mahsulotlar ko‘lamini oshirish, ta’limni ishlab chiqarishdan oldinga olib chiqish hamda yirik korxonalar va aholining ijtimoiy muammolariga texnologik yechimlar topishdan iborat.
Shuningdek, mazkur muhandislik maktabida “muammo-tadqiqot-mahsulot” tamoyilidagi ta’lim klasteri ham amalga oshiriladi. Seminar ishtirokchilariga muhandislik maktablari faoliyatini samarali tashkil etish borasida institut rektori O‘ktam Salomov batafsil ma’lumot berdi.
Seminardan so‘ng, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Vazir Q.Sharipov hamda oliy ta’lim muassasalari rahbarlari institut hududiga manzarali ko‘chatlarni ekishdi hamda “Rektorlar bog‘i” deya nomlandi.
Seminar ishtirokchilari Farg‘ona politexnika institutida ilmiy va innovatsion ishlab chiqarish hamda turli sohalarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan 19 ta markaz hamda markazlar qoshidagi 14 ta spin-off korxonalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi. Mazkur markazlarda talabalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hamda innovatsion loyihalar mehmonlarda katta taassurot uyg‘otdi.
Qatnashchilarning oxirgi manzili institut qoshida tashkil etilgan “Qurilish-sinov laboratoriyasi” hamda “Ilmiy-tadqiqot, o‘quv ishlab chiqarish kompleksi” faoliyati bilan tanishish bo‘ldi.
