YOSHLAR BANDLIGINI TA’MINLASH – OLIY TA’LIMNING USTUVOR VAZIFASI
2025-08-12 11:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror rivojlanib, yangi ishlab chiqarish korxonalari barpo etilmoqda, mavjudlari esa quvvatini kengaytirayapti. Bu esa turli sohalarda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshirmoqda.8-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda aynan shu masalalar muhokama qilindi.
Respublikamiz iqtisodiyoti barqaror rivojlanish yo‘lida izchil qadamlar tashlamoqda. Bu sanoatning turli sohalarida yangi texnologiyalar va innovatsion usullar joriy etilishiga imkon yaratmoqda, shu bilan birga, talab va sifat jihatidan yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni sezilarli darajada oshirmoqda.
Ilgari ishlab chiqarish korxonalari soni va quvvati cheklangan, ko‘p korxonalar eski texnologiyalarda faoliyat yuritgani tufayli yangi ishchi o‘rinlari yaratish sekin kechar, malakali kadrlarga bo‘lgan talab ham cheklangan edi. Shu bois, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari mehnat bozoriga integratsiyalanishda qiyinchiliklarga duch kelar, oliygohlar bilan korxonalar o‘rtasida hamkorlik yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan edi. Yoshlar ko‘pincha mustaqil ravishda ish izlashga majbur bo‘lib, ish beruvchilar zarur malakaga ega kadr topishda qiyinchilikka uchrar edi.
Hozir esa turli sohalardagi malakali mutaxassislarni tayyorlash, ularning kasbiy salohiyatini mustahkamlash va yangi zamonaviy bilimlar bilan boyitishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayon mamlakat iqtisodiyotini raqobatbardosh qilib, ishlab chiqarish hajmini oshirishga, ish o‘rinlarini kengaytirishga va aholi farovonligini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Yoshlarni ish bilan ta’minlash – yurtimiz taqdiriga daxldor eng muhim va ustuvor vazifaga aylanmoqda!
So‘nggi yetti yilda oliy ta’lim sohasi jadal rivojlandi — qabul ko‘rsatkichlari 4,5 barobarga oshdi, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi esa 42 foizga yetdi. Bu esa yurtimizda bilimli, salohiyatli avlodni shakllantirishda ulkan qadam bo‘ldi. Endilikda eng dolzarb vazifa — bitiruvchilarning mehnat bozorida munosib o‘rin topishi, ya’ni ularni ish bilan ta’minlashdir. Shu bois, bitiruvchilarni ishchi o‘rinlari bilan o‘zaro bog‘lash, ularni ishlab chiqarish korxonalariga yetkazish, ish joylari bilan yaqindan tanishtirish hamda bu jarayonni tizimli va uzluksiz tarzda tashkil etish ustuvor ahamiyat kasb etadi.
“Kelajakka qadam”: yoshlar bandligi va bitiruvchilarni ishga joylashtirishda yangi tizim
Joriy yildan yoshlar bandligini ta’minlash yo‘lida mamlakatimizda unikal tizim yo‘lga qo‘yildi. Shu maqsadda banklarga 300 million dollar miqdorida resurs ajratildi. Prezidentimiz tashabbuslari bilan yaratilgan mazkur tizim doirasida “Milliy bank”, Savdo-sanoat palatasi va hokimliklar hamkorligida “Kelajakka qadam” dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur doirasida Toshkent shahri, Samarqand, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida “TalabaExpo–2025” kasblar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida minglab bitiruvchilarning biznes-loyihalari uchun imtiyozli shartlarda yirik mablag‘lar yo‘naltirildi.
Ish beruvchilar bilan yaqin hamkorlikda tizimli ish olib borilishi, korxonalarda kafedra filiallarining ochilishi, talabalar amaliyotining sifatli tashkil etilishi, oliy ta’lim muassasalarida “Karera kuni” va “Mehnat yarmarka”larining o‘tkazilishi o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Natijada bitiruvchilarning katta qismi doimiy ish bilan ta’minlandi, bir qismi tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi, yana bir qismi esa dehqon xo‘jaliklarini tashkil etib, mustaqil mehnat yo‘lini tanladi.
Erishilgan natijalar “Kelajakka qadam” dasturining yoshlarni hayotga tayyorlash, ularni mehnat bozoriga moslashtirish va kelajakda yurtimiz iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan avlodni shakllantirishda muhim o‘rin tutayotganini yaqqol namoyon etmoqda. Biroq bitiruvchilarimizning katta qismi yirik kredit majburiyatlarini o‘z zimmasiga olishdan qo‘rqib, tadbirkorlik yo‘lini tanlashga jur’at qilolmasligini kuzatdik. Shuni inobatga olib, imtiyozli kredit resurslarining bir qismini bevosita bitiruvchini ishga olgan korxonalarga yo‘naltirishga ruxsat berilishi bu muammoning samarali yechimi bo‘ldi.
Endilikda ishga olingan bitiruvchilar soniga mutanosib ravishda tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli kredit ajratiladi. Kredit miqdoriga qarab, tadbirkor belgilangan sonda bitiruvchini ish bilan ta’minlaydi. Shu bilan birga, agar korxona imtiyozli kredit evaziga ishga olgan bitiruvchini ikki yil ichida ishdan bo‘shatsa, kredit foizi tijorat stavkasiga o‘zgarishi belgilandi.
Ushbu tizim faqat joriy yil bitiruvchilariga emas, balki oliygohni tugatganiga uch yildan oshmagan yosh mutaxassislarga ham tatbiq etiladi. Bu esa yoshlarning mehnat bozorida munosib o‘rin topishi va tadbirkorlar uchun malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim qadam bo‘ladi.
Uygʻunlik:bitiruvchi — loyiha — ish zanjiri
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, ayrim sohalarda malakali mutaxassislar yetishmasligi tufayli ko‘plab korxonalar chetdan kadr izlashga majbur bo‘lmoqda. Davlat har bir talabani tayyorlash uchun yiliga o‘rtacha yigirma besh-o‘ttiz million so‘m sarflasa-da, bitiruvchilarning yarmidan ko‘pi o‘z kasbiga aloqasi yo‘q yo‘nalishlarda ishlashga majbur bo‘lmoqda. Bu nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy yo‘qotish hamdir — chunki bilim, mehnat va orzular o‘z samarasini bera olmayotgan bo‘ladi.
Yechim esa aniq: ta’lim tizimini ishlab chiqarish bilan yanada chambarchas bog‘lash, har bir talabaning o‘qish yo‘lini uning kelajakdagi ish joyiga olib boruvchi uzluksiz zanjirga aylantirish zarur. Dual ta’lim, haq to‘lanadigan amaliyot, korxona va oliygoh hamkorligi, bitiruvchiga “ish joyi pasporti”ni hali o‘qish jarayonidayoq berish — ana shular orqali biz ham sarflangan mablag‘ni oqlaymiz, ham yoshlarni o‘z kasbida yetakchi mutaxassis sifatida voyaga yetkazamiz.
Kelgusi yillarda yurtimizda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan 83 milliard dollarlik yirik loyihalar nafaqat iqtisodiy rivojlanishimizga, balki kadrlar siyosatiga ham yangi talablar qo‘ymoqda. Zero, bu loyihalarning o‘zida 500 mingga yaqin malakali mutaxassisga ehtiyoj bor.
Mavjud muammolarni hal etish uchun, ta’lim jarayonini ish beruvchilar bilan yaqin hamkorlikda tashkil etish, oliygohlarda amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv dasturlarini joriy etish, korxonalar huzurida kafedra filiallarini ochish va talabalarning amaliy mashg‘ulotlarini zamonaviy ishlab chiqarish muhitida o‘tkazish zarur. Yoshlar bandligini samarali yo‘lga qo‘yish va ularning mehnat bozorida munosib o‘rin topishini ta’minlash uchun amaliy ishlar tizimli ravishda olib boriladi. Avvalo, oliygohlardagi “Karera markaz”larining faoliyati yangi bosqichga ko‘tariladi, ular bitiruvchi va ish beruvchi o‘rtasidagi eng ishonchli ko‘prikka aylanadi.
Shu bilan birga, bandlikni ta’minlash bo‘yicha yagona elektron platforma ishga tushirilib, unga Soliq qo‘mitasi va Adliya vazirligi axborot tizimlari integratsiya qilinadi. Bu orqali har bir bitiruvchi haqida aniq ma’lumot to‘planadi, korxonalar uchun esa kadr izlash jarayoni ancha osonlashadi. Rektorlar bilan hamkorlikda proaktiv yondoshuv asosida, barcha ishlar tizimli tarzda yo‘lga qo‘yiladi. Natijada, yosh mutaxassislarimiz o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ish topishi, korxonalar esa kerakli bilim va ko‘nikmaga ega kadrlar bilan ta’minlanishi kafolatlanadi.
Albatta, bu yo‘nalishdagi ishlarimizda ilgari samarali tizim yaratib, uni izchil amalga oshirib kelayotgan oliygohlarimizning boy tajribasi mustahkam poydevor bo‘ladi. Masalan, Buxoro davlat texnika universitetida «tarmoq – korxona – oliygoh» dasturi hayotga tatbiq etilganidan so‘ng, 20 ta mutaxassislik kafedrasiga tegishli 58 ta filial to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlab chiqarish korxonalarida faoliyat yuritmoqda. Bu orqali talabalarning nazariy bilimi hayotiy amaliyot bilan uyg‘unlashib, 500 dan ziyod yoshlar haq to‘lanadigan amaliyot va dual ta’lim dasturlarida ishtirok etmoqda. Minglab talabalar ishlab chiqarish jarayonlariga bevosita qo‘shilib, malakaviy amaliyot o‘tmoqda, ularning bir qismi esa haq to‘lanadigan shartlarda mehnat qilmoqda. Shu bilan birga, professor-o‘qituvchilar ham ishlab chiqarishda stajirovka o‘tash imkoniyatiga ega bo‘lib, o‘z bilim va tajribalarini zamon talablariga mos ravishda boyitmoqda.
Bundan tashqari, universitet qoshida ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, magistrlar va tayanch doktorantlar sanoat korxonalaridagi texnik-texnologik muammolarga amaliy yechim topish bilan shug‘ullanmoqda. Hozirda sanoat hamkorlari ehtiyojlaridan kelib chiqib, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlariga sun’iy intellekt, qayta muhandislik, qiyoslash muhandisligi, modellashtirish va avtomatlashtirish kabi ilg‘or texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Shuningdek, atrof-muhitni asrash, “yashil” texnologiyalar va inklyuzivlik tamoyillariga asoslangan o‘ndan ortiq yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqotlar olib borilmoqda.
Universitetimizda kimyo muhandisligi va neft-gaz sohasi kafedralari yuqori ilmiy salohiyatga ega bo‘lib, bu yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalarning ko‘pchiligi bitiruv yilidayoq o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish o‘rinlariga ega bo‘lmoqda. Bu esa hududda ushbu sohalarga bo‘lgan ehtiyojning naqadar yuqori ekanligini yaqqol isbotlaydi.
Bitiruvchi trayektoriyasi: diplom bilan birga ish kafolati
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, har bir qiymati 1 million dollardan ortiq, 50 tadan ziyod ishchi jalb etilgan loyiha o‘zining texnik-iqtisodiy asosida mutaxassislar ehtiyojini aniq ko‘rsatishi shart. Bu orqali vazirliklar va tarmoq rahbarlari oliygohlarga maqsadli buyurtma taqdim etadi, rektorlar esa o‘quv dasturlariga qo‘shimcha modullar kiritib, talabalarning bilim va ko‘nikmalarini ana shu ehtiyojga moslab rivojlantiradi.
Kelgusi yillarda yurtimizda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan 83 milliard dollarlik yirik loyihalar nafaqat iqtisodiy rivojlanishga, balki kadrlar siyosatiga ham yangi talablar qoʻymoqda. Zero, bu loyihalarning oʻzida 500 mingga yaqin malakali mutaxassisga ehtiyoj bor.
Bugungi mehnat bozorida kommunikativlik, liderlik, jamoada ishlash va tanqidiy fikrlash kabi soft skilllar katta ahamiyatga ega. Shu bois gumanitar fanlar, biznes, tibbiyot va texnika yo‘nalishlarida mikroo‘rganish modullari, amaliy simulyatsiyalar va loyiha asosida o‘qitish orqali talabalarda mazkur ko‘nikmalar rivojlantiriladi.
Yangi tizimning eng muhim jihati — talabalar ikkinchi kursdan so‘ngoq ishga olish niyatidagi investor ishtirokida har yili baholanadi. Diplom ishlari esa qo‘ldagi loyiha muammosini hal qilishga qaratilgan holda tayyorlanadi va himoya qilinadi. Bu – bitiruvchi diplom olgan kuniyoq ish joyiga ega bo‘ladigan, amalda “kadr – loyiha – ish” zanjiri shakllanadigan tizimdir.
Shu bilan birga, xususiy sektor uchun rag‘batlantiruvchi choralar ham ko‘zda tutilgan. Bitiruvchilarni ishga olgan tadbirkorlar tadbirkorlik reytingida qo‘shimcha ballga ega bo‘ladi, banklar esa bunday korxonalarga imtiyozli kreditlar taqdim etadi. Bu — yoshlarimiz ilm olish jarayonidayoq ishlab chiqarish jarayoni bilan chambarchas bog‘lanishi, ularning har bir sa’y-harakatlari kelajakdagi ish joyiga qadam sifatida qadrlanishi demakdir. Agar bu tizim izchil amalga oshirilsa, davlat sarflagan har bir so‘m yosh mutaxassisning qo‘lida mahsulot, innovatsiya va yangilik sifatida qaytib keladi. Shu tariqa, yoshlar salohiyati – sanoat taraqqiyotining, yurtimiz kelajagining mustahkam poydevoriga aylanadi.
Shundan kelib chiqib, mas’ul vazirlar va tarmoq rahbarlari oliygohlarga aniq buyurtma beradi. Rektorlar esa ushbu buyurtmalar asosida ta’lim dasturlarini qayta ko‘rib chiqib, asosiy fanlar qatorida qo‘shimcha modullarni joriy etadi. Ushbu modullar talabalarning zamonaviy ishlab chiqarish talablariga mos bilim va ko‘nikmalarini shakllantirib, ularga qo‘shimcha kredit balllar taqdim etadi.
Ikkinchi kursdan boshlab, talabalarning bilimi va amaliy malakasi, ularni ishga olish niyatidagi investorlar ishtirokida har yili baholab boriladi. Diplom ishlari esa aniq loyihalardagi dolzarb masalalar yechimidan kelib chiqib himoya qilinadi. Bunday yondashuv orqali bitiruvchi o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tayyor kadr sifatida, ish beruvchi esa o‘z ehtiyojiga mos mutaxassis sifatida maqsadga erishadi. Ya’ni, talabalarimiz diplom bilan birga kafolatli ish joyiga ham ega bo‘ladi. Bu tizim, avvalo, yoshlarimiz kelajagiga, mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga xizmat qiladi.
Oliygohlar endi bitiruvchilarning 5–10-yillik kasbiy rivojlanishini kuzatib boradigan maxsus platformaga ega bo‘ladi. Unda bitiruvchi o‘z ta’limi haqida fikr bildirishi, ish beruvchi esa tayyorlangan kadr sifatiga bahosini berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu — oliygoh uchun qimmatli manba. Chunki shu orqali bitiruvchi va ish beruvchi qarashlari tahlil qilinib, ta’lim jarayoni mehnat bozori talabiga mos ravishda doimiy takomillashtiriladi. Shu bilan birga, mehnat bozorining o‘zi ham chuqur o‘rganiladi.
Yevropaning Chexiya, Germaniya, Avstriya va Shveysariya kabi nufuzli oliygohlarida keng qo‘llanilayotgan bu amaliyot “bitiruvchi trayektoriyasi” yoki “bitiruvchilar monitoringi” nomi bilan tanilgan. Asosiy maqsad — ta’lim dasturlarining samaradorligini baholash, bitiruvchilarning mehnat bozoriga integratsiyalashuvini aniqlash va oliy ta’limni hayot talablariga yanada yaqinlashtirish.
Soʻnggi yetti yilda oliy taʼlim sohasi jadal rivojlandi — qabul koʻrsatkichlari 4,5 barobar oshdi, yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrovi esa 42 foizga yetdi. Bu bilimli, salohiyatli avlodni shakllantirishda ulkan qadam boʻldi. Endilikda eng dolzarb vazifa bitiruvchilarning mehnat bozorida munosib oʻrin topishi, yaʼni ularni ish bilan taʼminlashdir.
Rektorlar uchun yangi davr: keng vakolatlar, adolatli baholash tizimi va moliyaviy raqobat
Davlatimiz rahbari rektorlar vakolatini kengaytirish va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy etish zarurligini ta’kidladi. Endi oliy ta’lim muassasalarida “Yangi O‘zbekiston” universiteti tajribasiga asoslangan baholash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Eng asosiy yangilik – moliyalashtirish oliygoh to‘plagan ballarga qarab amalga oshiriladi. Bu esa sohaga haqiqiy raqobat va samaradorlik ruhini olib kiradi.
Yangi tizimda bitiruvchilarning bandligiga qarab – 40 ball, tarmoq buyurtmasi asosida amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar va mahsulot sotilishi uchun – 30 ball, ilmiy salohiyat va xalqaro jurnallardagi maqolalar uchun – 20 ball, mahalliy va xorijiy grantlar jalb etganlik uchun – 10 ballgacha beriladi. Yangi tartibga ko‘ra, jami ballarning 85 foizini yoki undan ko‘prog‘ini to‘plagan oliygohlar o‘z byudjetiga qo‘shimcha 20 foiz bonus oladi. Ammo natijasi 56 foizdan past bo‘lsa, keyingi o‘quv yilida moliyalashtirish miqdori qisqartiladi. Bu tizim – adolatli raqobat, samaradorlik va natijadorlikka yo‘l ochadi. Endi har bir oliygoh moliyalashtirish uchun emas, avvalo sifat uchun kurashadi.
Endilikda oliy ta’limda rektorlar uchun haqiqiy keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Avvalo, barcha oliygohlar tashkiliy va akademik mustaqillikka ega bo‘ladi — demak, rektor o‘z jamoasini o‘zi shakllantiradi, o‘rinbosarlarini vazirlik bilan kelishmasdan tayinlaydi va har bir nomzod o‘z dasturini kengash oldida himoya qiladi.
Moliyalashtirish va shtat doirasida professor-o‘qituvchilar hamda boshqaruv xodimlarini erkin taqsimlash, “super” kontrakt summasini tabaqalashgan holda belgilash huquqi ham rektor qo‘lida bo‘ladi. Bundan tashqari, “Yangi O‘zbekiston” universitetida rektorlar maktabi orqali kelajak rektor va prorektorlar maqsadli tayyorlanadi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan nomzodlar esa malaka oshirish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri Garvard universitetiga yo‘l oladi.
Tanlov imkoniyatlari – bilim yo‘lidagi yangi eshiklar
Bugungi kunda yoshlarimiz uchun oliy ta’lim olish yo‘li har qachongidan keng, har qachongidan yorug‘. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan har bir tashabbus, ayniqsa, qabul jarayonidagi islohotlar – bu bilim istagan, oliy maqsad sari intilgan har bir yoshning orzu qanotini keng yozishi uchun yaratilayotgan zamindir.
Ita’lim tizimidagi islohotlar natijasida abituriyentlarga 5 ta oliygohni tanlash imkoni berilgani o‘z-o‘zidan ulkan imkoniyat bo‘lgan edi. Kuni kecha davlatimiz rahbari yana bir quvonchli yangilikni e’lon qildi: endi, agar yoshlarimiz tanlagan beshta oliygohning birortasiga o‘qishga kira olmasa-da, to‘plagan balli boshqa oliygohdagi to‘lmagan yo‘nalish talabiga mos kelsa, shu oliygoh rektori uni kontrakt asosida qabul qila oladi. Bu intilishdan to‘xtamagan yoshlarimiz uchun yangi eshiklarni ochadi.
Ushbu islohotning yana bir muhim jihati – davlat va xususiy oliygohlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini kuchaytiradi. Chunki endilikda har bir oliygoh abituriyent uchun nafaqat qabul jarayonida, balki o‘quv jarayoni, professor-o‘qituvchi salohiyati, zamonaviy infratuzilmasi, talabalar hayoti uchun yaratayotgan sharoitlari bilan ham raqobatga kirishadi. Bu – har bir yoshning hayotidagi burilish nuqtasi, uning kelajak yo‘lini belgilab beruvchi imkoniyat bo‘lishi bilan biz uchun esa bu – mas’uliyat. Chunki har bir talaba – ertangi mutaxassis, kelajakda mamlakat taraqqiyotini ilgari siljitadigan harakat kuchidir.
Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini band qilish va ularning kasbiy rivojlanishini ta’minlash — bu faqat iqtisodiy barqarorlikka erishish yo‘li emas, balki mamlakatning intellektual salohiyatini mustahkamlashning ham eng muhim garovidir. Yosh mutaxassisning o‘z yo‘lini topishi, bilim va ko‘nikmalarini ish jarayonida namoyon qila olishi — jamiyatning umumiy rivoji uchun beqiyos qo‘shilgan hissadir. Shu bois Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar doirasida oliygohlar, davlat organlari va xususiy sektorning uzviy hamkorligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Bunday hamkorlik bitiruvchining ishga joylashishi bilan cheklanmaydi — u doimiy ravishda kasbiy o‘sish, yangi texnologiyalar va bozor talablariga moslashish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Chunki har bir yigit-qizning mehnat bozorida munosib o‘rnini topishi — bu mamlakatning iqtisodiy quvvati va ma’naviy yuksalishi uchun qo‘yilgan eng mustahkam poydevordir.
Qo‘ng‘irotboy Sharipov,
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri
