Oliy va professional taʼlim tizimida inklyuziv taʼlimning milliy platformasi joriy etiladi
2024-03-14 20:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda nogironligi bor shaxslarning jamiyatga integratsiyalashuvini oʻrganayotgan tadqiqotchilar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi. Shuningdek, turli fan yoʻnalishlari boʻyicha inklyuziv taʼlim uchun subtitrli hamda surdotarjima qilingan maxsus milliy video, audio kontentlar yaratish lozimligi alohida qayd etildi.
Shuningdek, inklyuziv taʼlim sohasida faoliyat yuritayotgan pedagoglarni xorijning nufuzli oliy taʼlim muassasalarida qisqa muddatli malakasini oshirish boʻyicha dastur ishlab chiqish lozimligi qayd etildi. Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan Sirakuz universitetiga stajirovkaga joʻnatilayotgan 3 nafar tadqiqotchilarga universitetning inklyuziv taʼlim borasidagi tajribasini oʻrgatishga kelishildi.
Muhokamalardan soʻng vazir Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida inklyuziyani qoʻllashning ilgʻor milliy dasturi boʻlishi kutilayotgan – “Uygʻun taʼlim” ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasining pilot loyihasini joriy etish boʻyicha koʻrsatma berdi. Mazkur platformada maktabgacha, maktab va oliy taʼlim tashkilotlari faoliyatining kasb va ijtimoiy hayotga tayyorlash yoʻnalishlarini bosqichma-bosqich uygʻunlashtirish masalasiga batafsil eʼtibor berilgan boʻlib, alohida eʼtiborga muhtoj insonlar va jamiyat oʻrtasidagi sogʻlom korporativ muhit va taʼlimdagi tenglikni taʼminlash gʻoyasi ilgari surilgan. Pilot loyiha muvaffaqiyatli sinovdan oʻtganidan soʻng boshqa oliy va professional taʼlim muassasalariga ham mazkur infratuzilma tatbiq etiladi.
