Magistraturaga qabulda diplom ballarining hisobga olinishi bo‘yicha rasmiy munosabat
2025-07-16 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Magistraturaga qabul jarayonida abituriyentlarning diplomdagi o‘rtacha bahosi 100 ballik tizimga maxsus normativ hujjat asosida o‘tkaziladi. Jumladan, bu tartib O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2018-yil 26-sentabrdagi 3069-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risidagi Nizom” ilovasiga muvofiq belgilanadi.
Mazkur Nizomga ilova qilingan 5 baholik tizimdan 100 ballik tizimga o‘tkazish jadvalida har bir oraliq ko‘rsatkich bo‘yicha aniq moslashtirish mezonlari ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, masalan, 4,50–4,46 oralig‘idagi o‘rtacha baho 100 ballik tizimda 90 ballga tenglashtiriladi, 4,30–4,26 oralig‘idagi baho esa 86 ballga mos keladi.
Shu bois, ilgari o‘qigan va o‘sha davrdagi o‘quv me’yorlariga muvofiq diplom olgan bitiruvchilarning o‘rtacha bali bugungi kunda amal qilayotgan jadval asosida muvofiqlashtiriladi. Ya’ni, ular uchun baholar pasaytirilmaydi yoki qo‘shimcha baholovchi subyektiv mezonlar joriy etilmaydi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi
