Rasmiy munosabat
2025-07-10 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Ma’lumki, 2025–2026 o‘quv yili uchun qabul jarayonlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-iyulidagi PF–76-son Farmoniga muvofiq amalga oshirilmoqda. Unga binoan, oliy ta’lim muassasalariga kunduzgi ta’lim shaklida qabul qilinuvchi talabalar soni belgilangan chegarada (200 ming nafargacha) shakllantirilishi, boshqa ta’lim shakllariga qabul esa kunduzgi shakldagi qabulning 50 foizidan oshmasligi shartligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Bu me’yorlar orqali ta’lim sifatini ta’minlash, oliy ta’lim tizimidagi kadrlar va moddiy-texnik baza imkoniyatlarini inobatga olgan holda barqaror rivojlanishga erishish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, Vazirlik xususiy oliy ta’lim tashkilotlarining soha rivojiga qo‘shayotgan hissasini e’tirof etadi va ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi.
Qo‘shimcha ta’lim yo‘nalishlari, masofaviy ta’lim shakli yoki yangi binolardan foydalanish bo‘yicha tashabbuslar amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar doirasida ko‘rib chiqiladi. Bu borada muassasalar belgilangan tartibda tegishli vakolatli organlarga murojaat etishlari mumkin.
