O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi va JICA texnik hamkorlik loyihasining 2-bosqichini boshlash yuzasidan uch tomonlama birlamchi hujjat imzolandi
2024-03-09 18:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Toshkent davlat texnika universiteti, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning Yaponiyadagi bosh ofisi vakillari ishtirok etdi.
Muloqotda loyihaning dastlabki bosqichida yosh olimlar, talabalar jahon amaliyoti va xalqaro andozalarga muvofiq ilmiy tadqiqotlar olib borishlari uchun markazda zamonaviy laboratoriya yaratilib, kadrlar salohiyatini kuchaytirish maqsadida, 15 nafardan ortiq yosh olimlar Yaponiyaning yetakchi ilmiy va ta’lim muassasalarida magistratura hamda PhD doktorantura bosqichlariga yo‘naltirilgani e’tirof etildi.
Muvaffaqiyatli hamkorlikni davom ettirish maqsadida, loyihaning 2025–2029-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan 2-bosqichini boshlash yuzasidan uch tomonlama birlamchi hujjat imzolandi.
Unga ko‘ra, innovatsion faoliyat natijalarining transferi va tijoratlashtirilishi, startap loyihalarni amalga oshirish, sanoat darajasida ularni to‘laqonli joriy etishda amaliy yordam ko‘rsatish yo‘li bilan yoshlar, olimlar va ilmiy izlanuvchilarni iqtisodiyot sohalari va korxonalarning ilmiy-texnik muammolarini hal etish yo‘lidagi amaliy faoliyat kuchaytiriladi.



