O‘zbekiston oliy ta’lim vaziri Xitoyning yetakchi universitetlarida uchrashuvlar o‘tkazdi
2025-05-17 18:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Uxan politexnika universitetida rektor, professor Dun Shitsze bilan muzokaralar olib borildi. Suhbat chog‘ida oziq-ovqat muhandisligi, mashinasozlik, raqamli transformatsiya va sanoat integratsiyasi kabi yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar qo‘shma muhandislik laboratoriyalari, kampus texnoparklari va akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Shuningdek, Sinszyan tibbiyot universitetida rektor, professor Xachi Akber Aysa bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tibbiyot kadrlarini qo‘shma tayyorlash, akademik almashinuv dasturlari, malaka oshirish kurslari va ilmiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tashrif doirasida vazir universitetlarning infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, Uxan politexnika universitetining "Yog‘ va neft muzeyi" hamda Sinszyan tibbiyot universiteti klinikasiga tashrif buyurdi.
Ikki universitetda ham ushbu va boshqa hududlarda tahsil olayotgan o‘zbek talabalari bilan alohida uchrashuvlar tashkil etildi. Suhbatlar davomida talabalarning ta’lim sharoitlari, ijtimoiy va akademik moslashuvi, kelgusi rejalari hamda yoshlar almashinuvini mustahkamlash bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Vazir talabalarning ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rnini alohida ta’kidlab, ular O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik ko‘prigiga aylanayotganini qayd etdi.









