Oliy taʼlim vazirligida “El-Yurt Umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari bilan amaliy muloqot boʻlib oʻtdi
2025-04-22 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur amaliy muloqot doirasida yosh mutaxassislarning xorijda orttirgan bilim va tajribalarini mamlakat iqtisodiyoti, ilm-fan hamda taʼlim sohalariga tatbiq etish, ularning shaxsiy rivojlanish va karyera rejalariga doir yoʻl xaritalarini belgilab olish, ilmiy loyihalar va startaplarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv samimiy va ochiq muloqot tarzida, savol-javoblar tarzida oʻtdi. Stipendiatlar oʻzlarini qiziqtirgan savollar va takliflarni bildirishdi. Ularning savollariga vazir Q.Sharipov va vazirlik masʼullari tomonidan atroflicha javoblar berildi.
Qoʻngʻirotboy Sharipov uchrashuv davomida yosh mutaxassislarni Vatanga sodiq, bilimli va tashabbuskor kadrlar sifatida koʻrayotganini alohida taʼkidlab, ularni Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga amaliy hissa qoʻshishga chorladi. Vazir inson kapitali va yosh mutaxassislarning roli mamlakat taraqqiyotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi.
Taʼkidlash jizki, “El-Yurt Umidi” jamgʻarmasi orqali xorijda taʼlim olgan 183 nafar mutaxassis hozirda oliy taʼlim tizimida turli lavozimlarda faoliyat yuritmoqda. Ular orasida ilmiy markazlar rahbarlari, kafedra mudirlari va strategik maslahatchilar ham bor.
Uchrashuv yakunida stipendiatlar bilan doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ularning bilim va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda oliy taʼlim tizimini rivojlantirish borasida hamkorlikdagi saʼy-harakatlarni davom ettirishga kelishib olindi.









