Vazir Andijonda "Kelajakka qadam" loyihasi doirasida yoshlar bilan uchrashdi
2025-04-14 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun, 14-aprel kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Andijon davlat universitetida viloyat oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari bilan uchrashib, "Kelajakka qadam" loyihasi doirasida ochiq muloqot o'tkazdi.
Dastlab, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari tomonidan “Kelajakka qadam” markazi bilan hamkorlikda bitiruvchilarning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyasini ta’minlash, startap loyihalar hamda yoshlarning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar tinglandi.
Shuningdek, uchrashuvda "O‘zmilliybank" AJ Davlat dasturlarini moliyalashtirish departamenti direktori Bekzodbek Ziyayev “Kelajakka qadam” dasturi doirasida bitiruvchilar uchun yaratilgan imtiyozlar va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumotlar berib, yoshlar bandligini ta’minlash va ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Ochiq muloqot davomida talabalarning o‘z startap loyihalari va tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi takliflari tinglandi. Ularning takliflari asosida yangi biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va yoshlar uchun maxsus dasturlar hamda treninglar tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shundan so‘ng, vazir boshchiligida mas’ullar universitetda faoliyat yuritayotgan “Kelajakka qadam” markazi faoliyati bilan tanishib, u yerda talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdi.









