Vazir Garvard universiteti va Massachusets texnologiyalar instituti talaba va tadqiqotchilari bilan uchrashdi
2025-03-20 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Garvard universiteti va Massachusets texnologiyalar instituti talaba va tadqiqotchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda, O‘zbekistonning ta’lim tizimini yanada yaxshilash, innovasion g‘oyalar bilan bog‘liq imkoniyatlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Qo‘ng‘irotboy Sharipov, o‘z nutqida, ta’limni xalqaro darajaga olib chiqish va har tomonlama o‘sish uchun yangi g‘oyalar va hamkorliklar orqali muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritish maqsadi ko‘zlanganini ta’kidladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonning qator oliy ta’lim muassasalari akademik mustaqillikka ega bo‘lib, xalqaro hamkorlik va tadqiqotlarga keng yo‘l ochmoqda. Ta’lim sifatini jahon standartlariga moslashtirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va yoshlarning tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlashga jiddiy qadamlar qo‘ymoqda.
Garvard universitetining Kennedi davlat boshqaruvi maktabi huzuridagi Markaziy Osiyo va Turkiy davlatlar kokusi (inglizcha "caucus" — bir guruh odamlar yoki tashkilotlar orasidagi alohida fikr va manfaatlarni ilgari surish uchun tuzilgan tashkilot) ham O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolari tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, bu tadbirlar Markaziy Osiyoning ko‘plab yoshlariga bilim olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Bu kokus O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjon davlatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va akademik tadbirlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.
Garvard va Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlik orqali, O‘zbekiston yoshlari uchun yangi imkoniyatlar, ilg‘or g‘oyalar va ilmiy izlanishlarni rivojlantirish yo‘lidagi qadamlar qo‘yilmoqda.
Bu tadbirlar, o‘z navbatida, O‘zbekistonning xalqaro ta’lim maydonidagi nufuzini oshirishga yordam berib, jahon universitetlariga talabalarning ko‘p miqdorda qabul qilinishiga zamin yaratadi. Yoshlarning global ta’lim tizimiga integratsiyasi, yangi ilm-fan va innovasion g‘oyalarni tatbiq etish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashni yo‘lidagi sa’y-harakatlar O‘zbekiston ta’lim tizimini mukammallashtirish, xalqaro darajadagi hamkorlik va innovatsiyalar asosida yangi kelajakni yaratish yo‘lidagi ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.






