“Ijtimoiy taraqqiyot uchun” tadqiqot ishlari tanlovining ramziy ochilishi bo‘ldi
2025-02-21 12:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda ishtirok etgan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Otabek Mahkamov oliy ta’lim muassasalarida ijtimoiy himoya, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy adolatni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy izlanishlar hamda ularning amaliy natijalari haqida ma’lumot berdi. U tanlovning yoshlar orasida mustaqil tadqiqot olib borish salohiyatini rivojlantirish va kelgusidagi ijtimoiy taraqqiyotga qo‘shadigan hissasini ta’kidladi.
Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad ijtimoiy himoyani rivojlantirish sohasida yangi tadqiqotlarni rag‘batlantirish, mamlakatimizdagi dolzarb ijtimoiy masalalar bo‘yicha ilmiy munozaralarni kuchaytirish, salohiyatli yangi kadrlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, yoshlar o‘rtasida ijtimoiy tadqiqotlarni ommalashtirish ekani qayd etildi. Shu yo‘l bilan talabalar o‘z ilmiy ishlarini namoyish etish, muammolarni chuqur o‘rganish va ularning yechimlarini ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktor o‘rinbosari Usmon Sharifxodjayev hozirgi kunda ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangiliklar, shuningdek, zamonaviy tendensiyalar haqida ishtirokchilarni xabardor qildi. U innovatsion yondashuvlar va texnologiyalar yordamida ijtimoiy himoyani mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti direktori tanlov maqsadlari, shartlari va tanlov jarayoni haqida batafsil taqdimot qildi. Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, tanlovni muntazam o‘tkazish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirdilar.
Ushbu tanlov, yosh olimlar va ijtimoiy fanlar sohasida faoliyat yuritayotgan talabalar uchun o‘z ilmiy salohiyatlarini namoyish etish, dolzarb ijtimoiy muammolarni chuqur o‘rganish hamda ularning yechimlarini ishlab chiqish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Tadbir muvaffaqiyati kelajakda ijtimoiy taraqqiyot va ilmiy izlanishlarning yanada rivojlanishiga sezilarli hissa qo‘shishiga umid bildirildi.