Vazir o‘rinbosari yurtimizda barpo etilayotgan navbatdagi Yoshlar texnoparki binosining qurilish ishlari bilan tanishdi
2023-11-05 17:55:00 / Vazirlik yangiliklari
Yoshlarni ilmiy faoliyatga yana-da kengroq jalb etish, yosh isteʼdod egalarini kashf etish hamda ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy yo‘nalishlarini yana-da rivojlantirish maqsadida respublikamizning barcha hududlarida Yoshlar texnoparklari barpo etilmoqda. Xususan, Buxoro viloyati Yoshlar texnoparkining ham jadal suratlarda qurish ishlari davom etmoqda.

5-noyabr kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov “Gʼijduvon standart qurilish servis” korxonasi tomonidan qurilayotgan Buxoro viloyati Yoshlar texnoparki binosini ko‘zdan kechirdi.
Vazir o‘rinbosari Buxoro viloyati Yoshlar texnoparki axborot texnologiyalari, biotexnologiyalar, nanotexnologiyalar, energetika, ekologiya kabi turli yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun zamonaviy uskunalar va infratuzilma bilan jihozlanishini taʼkidladi. Shuningdek, Yoshlar texnoparki viloyatdagi yosh olim va mutaxassislarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, ularning ishlanmalarini tijoratlashtirish uchun shart-sharoit yaratishga hissa qo‘shishini qayd etdi.

