Oʻzbekiston va Fransiya oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida davra suhbati oʻtkazildi
2023-11-07 18:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda Fransiya va Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fransiya elchixonasi hamda Erasmus+taʼlim dasturi vakillarining nutqi tinglandi.
– Fransiya va Oʻzbekiston oʻrtasida oliy va professional taʼlim sohasida hamkorlik kengaymoqda, – dedi Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi madaniyat va hamkorlik boʻyicha maslahatchisi Loran Oriol. – Bugun tashkil etilgan mazkur tadbir rasmiy tashrifning mantiqiy davomidir. Ikki davlat oʻrtasida taʼlim yoʻnalishida mustahkam hamkorlik bor va bugun ikki tomon oliy taʼlim muassasalari vakillari oʻzaro uchrashib, kelgusi hamkorlik boʻyicha kelishib olishdi.
Davra suhbatida universitetlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, akademik almashinuvlarni faollashtirish, oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarda qoʻshma ilmiy loyihalar va qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Ikki davlat oʻrtasida turli yillarda imzolangan 27 shartnoma va memorandumlar asosida respublikamizning 18 ta oliy oʻquv yurti bilan Fransiyaning 22 ta taʼlim tashkiloti oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Bugungi kunda Oʻzbekistonning 9 ta oliy taʼlim muassasasida fransuz tili asosiy til sifatida oʻqitilayotgan boʻlsa, Respublika miqyosida ushbu tilni birinchi va ikkinchi xorijiy til sifatida 15 mingdan ortiq talaba-yoshlar oʻrganmoqda.
Oʻzbekiston Davlat Jahon tillari universiteti prorektori Abdurahim Nosirov Fransiyaning Versal akademiyasi, Cergy-Pontoise universtiteti kabi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkor loyihalar ustida ishlar olib borilayotgani haqida aytib oʻtdi. – Oʻtgan yillar davomida Oʻzbekiston Davlat Jahon tillari universitetining Fransiya oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorligi ortidan talabalar mobilligi, oʻqituvchilarning malaka oshirish imkoniyatlari keng yoʻlga qoʻyildi. Bugungi kunda ham universitetimizda Fransiyadan kelgan oʻqituvchilar fransuz tilida dars berishi ahamiyatlidir. Bugungi tadbirda hamkorligimiz yanada kengayshi ustida kelishuvlarga erishdik, – dedi A.Nosirov.
Aytib oʻtish kerakki, respublika boʻyicha jami 15 mingdan ortiq talaba fransuz tilini chet tili sifatida oʻrganmoqda. Fransuz tili nemis tili bilan bir qatorda respublikamiz taʼlim muassasalarida oʻqitiladigan ikkinchi til (ingliz tilidan keyin) hisoblanadi. Davra suhbatida bu borada aloqalarni yanada mustahkamlashga erishildi.






