Texnikum o‘quvchilari Germaniyada amaliyot o‘tashi rejalashtirilmoqda
2025-01-24 18:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Gyote-instituti tomonidan tashkil etilgan mazkur safar davomida delegatsiya vakillari Germaniyaning Gamburg shahrida joylashgan Gyote-instituti, Flensburg shahridagi kasb-hunar maktabi, shuningdek, o‘quvchilar amaliyot o‘tashi belgilangan mehmonxonalarda bo‘lishdi. Ushbu xizmat safari davomida texnikum o‘quvchilarining Germaniyada malaka oshirishi va amaliyot o‘tashi uchun zarur sharoitlar o‘rganildi.
Bundan tashqari,Germaniyaning Flensburg shahridagi Savdo-sanoat palatasi bilan muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralarda texnikum o‘quvchilarining amaliyot dasturlari, ularning malakasini oshirish imkoniyatlari va ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Gyote-instituti hamda Flensburg Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida texnikum o‘quvchilarining Germaniyada amaliyot o‘tishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Ushbu kelishuv O‘zbekiston yoshlari uchun xalqaro tajriba orttirish, malaka oshirish va kasbiy mahoratlarini rivojlantirishda yangi imkoniyatlar yaratadi.






