“14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni”ga bagʻishlangan “Harbiy sohadagi yosh olimlarning ilmiy ishlanmalari va innovatsion loyihalari forumi” boʻlib oʻtdi
2025-01-10 11:45:00 / Vazirlik yangiliklari
Bugungi shiddatli zamonda barcha sohalar kabi Qurolli kuchlarimizni ham ilm-fan va innovatsiyalar yordamida rivojlantirish zamon talabi hisoblanadi.
Shu maqsadda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Yoshlar akademiyasi tomonidan yurtimiz yoshlarining barcha sohalar kabi harbiy sohadagi innovatsion ishlanma va loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida turli ishlar olib borilmoqda.
Forumni vazir o‘rinbosari Otabek Mahkamov kirish so‘zi bilan ochib, harbiy bilim yurtlarida tahsil olayotgan yoshlarni “14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni” bilan samimy tabrikladi. So‘ng Yoshlar akademiyasi tomonidan 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, kelgusidagi rejalar muhokama etildi.
Yoshlar akademiyasi tomonidan soʻnggi yillarda Vatan himoyachilari bilan hamkorlikda «TechnoWays» harbiy rivojlanish marafoni va «Boʻlajak olim» tanlovlari tashkil etildi. Mazkur tanlovlarda 200 dan ortiq yosh olimlar hamda tadqiqotchilar ishtirok etib, ularning ilmiy gʻoyalari ragʻbatlantirib kelinmoqda. Tadbirning asosiy maqsadlaridan biri ham Yoshlar akademiyasi vatan himoyachilari bilan 2024-yilda amalga oshirgan ishlarini sarhisob qilish hamda joriy yilda amalga oshiriladigan ishlarni rejalashtirib olish hisoblanadi.
Bugungi tadbirda Yoshlar akademiyasi aʼzolari boʻlgan harbiy bilim yurti kursantlari va yosh tadqiqotchilari tomonidan Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirishga qaratilgan jami 20 dan ortiq ilmiy ishlanmalar va innovatsion loyihalar koʻrgazmasi va eng sara loyihalar taqdimotlari boʻlib oʻtdi. Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari tomonidan 6 ta innovatsion loyihalar tadbir ishtirokchilariga taqdimot qilindi.
Bundan tashqari ushbu vazirlik vakillari bilan hamkorlikda 2025-yilda amalga oshiriladigan qoʻshma loyihalar muhokama qilib olindi.
Bugungi tadbir davomida harbiy bilim yurtlarida tahsil olayotgan yosh olimlar orasidan oʻz faoliyati davomida yutuqlarga erishgan 15 nafar yoshlarga Yoshlar akademiyasi aʼzolik sertifikati va aʼzolik belgisi tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir soʻngida esa vazirlikning Inno texnoparkiga yosh olimlarning texnoturi tashkil qilindi. U yerda yosh olimlar ularga yaratilgan shart sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.