O‘zbekiston vakillari Italiyaning Turin politexnika universitetida o‘tkazilgan seminarda ishtirok etdi
2023-09-22 21:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Yevropa Ittifoqining Erasmus+ CBHE dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “INMACOM: Oʻzbekistondagi telekommunikatsiyalar mehnat bozori ehtiyojlarini qondirish uchun fotonika va optik aloqalar boʻyicha innovatsion magistrlik dasturi” loyihasi ijrochilarining navbatdagi uchrashuvi va maxsus trening joriy yilning 18-22 sentabr kunlari Italiyaning Turin politexnika universitetida o‘tkazildi.
Tadbirning ilk kunida loyiha faoliyati doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda keying bosqichlarda rejalashtirilgan vazifalar muhokama qilindi.
Dasturga muvofiq, tadbirning ikkinchi kunida esa, Turin politexnika universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Anita Tobacco tomonidan Italiya oliy ta’lim tizimi hamda universitet faoliyati haqida taqdimot o‘tkazdi.
Shuningdek, safar davomida Turin politexnika universiteti professorlari tomonidan sohaga oid ma’ruzalar hamda o‘quv laboratoriya ishlari bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi.
Mazkur uchrashuv va seminarlarda Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ullari Ulug‘bek Xodiyev hamda Aliddin Norqulov, shuningdek, O‘zbekiston milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti Urganch filiali, Mir Solar kompaniyasi professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari ishtirok etdi.
Loyiha to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar bilan quyidagi veb-sayt orqali tanishish mumkin: inmacom.uz.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda telekommunikatsiyalar sohasida mehnat bozorini rivojlantirish uchun universitetlar va ishlab chiqarish o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, poytaxt va respublika hududlarida telekommunikatsiyalar rivojiga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan fotonika va optik aloqaga ixtisoslashgan yangi avlod muhandislarini tayyorlash uchun ta’lim bazasi yaratish ushbu loyihaning asosiy maqsadi hisoblanadi.
