Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev Yaponiyaga xizmat safari doirasida O‘zbekiston-Yaponiya iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘mitaning 17-yig‘ilishida ishtirok etdi hamda Yaponiyaning turli ta’lim tashkilotlari
2024-11-07 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Xususan, Yaponiyaning “KEI Advanced, Inc.” kompaniyasi prezidenti va bosh direktori Toshio Yajima bilan ikki davlat oliygohlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish va rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda ta’lim va ilm-fan sohasida ilmiy konferensiyalar, ma’ruzalar, seminarlar, malaka oshirish kurslarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasida O‘zbekiston-Yaponiya iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘mitaning 17-yig‘ilishi doirasida Yaponiyaning “KEI Advanced, Inc.” kompaniyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘rtasida oliy ta’lim sohasida hamkorlik bo‘yicha Istaklar Bayoni imzolandi.
Mazkur hujjatda nafaqat ikki davlat oliygohlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va kengaytirish, balki Yaponiyaning nufuzli universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yaratish va Yaponiya universitetlarining O‘zbekistonda filiallarini tashkil etish borasida ko‘maklashish masalalari bayon etilgan.
Shuningdek, Yaponiyaning YAGUCHI ELECTRIC CORPORATION kompaniyasi prezidenti janob Masatoshi SATO (Masatoshi SATO) va Keyo universiteti fan va texnologiyalar fakulteti professori janob Yo IShIGAKI (Yo ISHIGAKI) bilan O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida tibbiyot va muhandislik sohalarida yetuk kadrlar tayyorlash, hamkorlikda ilmiy tadqiqot izlanishlarni olib borish, ushbu yo‘nalishlarda ishchi guruhlarni tuzish bo‘yicha hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilishi belgilanib, tomonlar o‘rtasida Anglashuv Memorandumi imzolandi.
Yaponiyaning MARUZEN-YUSHODO Co., Ltd. kompaniyasi katta boshqaruvchi direktori janob Yasunori Takada bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Yaponiya oliy ta’lim tizimiga oid elektron platformalar eksportini O‘zbekiston oliygohlarida joriy etish va kutubxonalar barpo etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Yaponiyaning CAL Co., Ltd. kompaniyasi boshqaruv direktori janob Akira Maeda bilan “IT” sohasi bo‘yicha talaba va bitiruvchilarni yapon tiliga bepul o‘qitib, Yaponiyaning ushbu kompaniyasida ish bilan ta’minlash, ular uchun qisqa va uzoq muddatli stajirovkalar tashkil etish hamda ushbu imkoniyatlar to‘g‘risida axborot berish maqsadida respublika oliygohlarida taqdimotlar o‘tkazishga kelishildi.
Yaponiyaning GAKUSHO Corporation kompaniyasi rahbari janob Shigehiko Tamura bilan Yapon uslubidagi qo‘shimcha o‘quv materiallarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va o‘zbek tilini o‘qitish dasturiga mos ravishda qayta tashkil etilgan mahsulotlarni joriy etish borasida fikr almashildi.
Yaponiyaning PONTE Co., Ltd. kompaniyasi prezidenti janob Junichi Nakamura tomonidan muhandislik va texnika sohasida ta’lim olayotgan talaba va bitiruvchilarni yapon tiliga o‘qitib, Yaponiyaning xususiy sektorlarida ishga joylashtirish va tajriba almashish bo‘yicha takliflar bildirildi.





