Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda nodavlat oliy ta’lim muasasalarining litsenziyasiga bog‘liq bildirilgan fikrlar bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi:
2024-10-19 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari
O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalashu, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan oliy ta’lim xizmatlari litsenziyalanadigan ta’lim turi hisoblanadi.
Bugungi kunda nodavlat oliy ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash “Litsenziya” axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga elektron ariza yuborish orqali amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan “Nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash pasporti”da nodavlat oliy ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash yoki litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar, litsenziya talablari va shartlari belgilangan.
Hozirda nodavlat oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati uchun 8 ta umumiy va 11 ta maxsus litsenziya talablari va shartlari mavjud.
Belgilangan tartibga muvofiq, nodavlat oliy ta’lim xizmatlari bo‘yicha kelib tushgan arizalar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining mas’ul xodimlari va ekspertlari tomonidan 30 ish kunida (boshqa ta’lim turlari bo‘yicha arizani ko‘rib chiqish muddati 15 ish kuni) litsenziya talablari va shartlariga muvofiqligi yuzasidan ko‘p hollarda joyiga chiqqan holda ko‘rib chiqilib, tegishli xulosa rasmiylashtiriladi. Ekspertlar xulosasiga asosan litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish elektron tarzda amalga oshiriladi.
2023-yildan boshlab Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan nodavlat professional, oliy hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim tashkilotlarini litsenziyalash va ularning faoliyatini muvofiqlashtirish amalga oshirib kelinmoqda.
2024-yilning o‘tgan davrida Tadbirkorlik subyektlaridan belgilangan tartibda “Litsenziya” axborot tizimi orqali nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya olish maqsadida jami 412 ta (professional ta’lim xizmatlari bo‘yicha 153 ta, oliy ta’lim xizmatlari bo‘yicha 241 ta, oliy ta’limdan keyingi ta’lim xizmatlari bo‘yicha 18 ta) arizalar kelib tushdi. Barcha arizalar belgilangan muddatlarda vazirlikning mas’ullari va ekspertlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.
Ushbu arizalarning jami 55 tasi ijobiy baholanib, belgilangan tartibda litsenziya rasmiylashtirildi. Jumladan, 20 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotining mavjud litsenziyasiga o‘zgartirish kiritildi, 2 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotiga, 26 ta nodavlat professional talim tashkilotlariga va 8 ta nodavlat oliy ta’limdan keyingi ta’lim xizmatlari uchun litsenziyalar rasmiylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida” 2021-yil 14-iyuldagi O‘RQ-701-son Qonunining 33-moddasiga muvofiq, litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlari bir marotaba qo‘pol ravishda buzilganda, agar mazkur qoidabuzarliklar fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga ziyon, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat xavfsizligiga zarar hamda atrof-muhitga ziyon yetkazilishiga olib kelgan bo‘lsa, litsenziyani bekor qilishga asos bo‘lishi qayd etilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2023-yilda jami 69 ta, 2024-yilda 26 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari faoliyati o‘rganildi.
O‘rganish natijasida aksariyat nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarini faoliyatida xato va kamchiliklar, qoidabuzarliklar aniqlandi.
Faoliyati vazirlik tomonidan o‘rganilgan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha 1 oy muddat berildi. Berilgan muddatlarda kamchilikni bartaraf etmagan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha tegishli Sudlarga davo arizalari kiritildi.
Jumladan, to‘rganish natijalariga asosan 2023-yilda 6 ta, 2024-yilda 5 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarini litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha tegishli Sudlarga davo arizalari kiritilgan.
Sud jarayonlarida 2023-yilda jami 6 ta oliygohning litsenziyasi bekor qilindi. 2024-yilda esa 1 ta oliygohning litsenziyasi bekor qilindi. 4 ta holatda tegishli Sudlar tomonidan vazirlik kiritgan davo arizalarni qanoatlantirmasdan qoldirdi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga litsenziyasi bekor qilingan ta’lim tashkiloti yoki yopilgan ta’lim dasturida tahsil olayotgan talabalarga o‘qishini davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga belgilangan tartibda ko‘chirish huquqi berilgan.
2023 yilda litsenziyasi sud tartibida bekor qilingan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olgan 8 mingga yaqin talabalarning o‘qishi belgilangan tartibda boshqa nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga vazirlik tomonidan ko‘chirib o‘tkazildi. Litsenziyasi bekor qilingan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining barcha talabalari arizalariga ko‘ra boshqa oliygohlarga o‘qishi ko‘chirilgan, birorta talabaning muammosi yechimsiz qolmagan.