OTM matbuot kotiblari uchun navbatdagi seminar-trening tashkil etildi
2024-10-16 15:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Seminarni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bo‘lim boshlig‘i N. Oripov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati rahbari N. Abduqunduzova hamda SMM Maktab loyiha rahbari K. Baxtiyorzoda ochib berdi. Ular o‘z ma’ruzalarida zamonaviy axborot texnologiyalarining ahamiyati, universitetlar uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali samarali kommunikatsiyalarni yo‘lga qo‘yish va ularning brendini to‘g‘ri pozitsiyalash zaruriyati haqida gapirib o‘tdilar.
Seminarning birinchi kunida qatnashchilarga qator mavzularda ma’ruzalar o‘qildi va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Xususan, universitet imijini ijtimoiy tarmoqlarda qanday samarali shakllantirish borasidagi ilg‘or tajribalar taqdim etildi.
Tadbir ishtirokchilariga yuqori sifatli va qiziqarli kontent yaratish texnikalari va strategiyalari bilan tanishdilar. Shuningdek, blogerlikning universitet brendini oshirishdagi ahamiyati, to‘g‘ri kontent tayyorlash va blog yuritishning asosiy jihatlari yoritib berildi.
Seminar-treningda, shuningdek, negativ fikr-mulohazalar bilan qanday to‘g‘ri ishlash, inqirozli vaziyatlarda samarali javob qaytarish usullari haqida amaliy maslahatlar berildi. Bundan tashqari YouTube platformasidagi imkoniyatlar va kanallar yuritishdagi muhim jihatlar tahlil qilindi.
Seminarning birinchi kuni natijasida ishtirokchilar universitetlarning raqamli dunyodagi imijini yaxshilash, ijtimoiy tarmoqlarda samarali targ‘ibot ishlarini olib borish bo‘yicha ko‘plab yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.






