Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirlikning Hay’at yig‘ilishi o‘tkazildi
2024-09-12 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari
12-sentyabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov raisligida vazirlikning Hay’at yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda vazirlik mas’ullari, tizim tashkilotlari va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida Hay’at faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq tashkiliy va 2024-yil uchun Prezident Davlat stipendiyalariga munosib topilgan tayanch doktorantlarni tasdiqlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Dastavval, yig‘ilganlarga kun tartibidagi masalalar o‘qib eshittirilib, vazirlik hay’atining 11 kishidan iborat a’zolari tanishtirildi.
Kun tartibidagi masala bo‘yicha Hay’at faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida hay’at mas’ul kotibi nomzodi ko‘rilib, 2024-yil yakuniga qadar bo‘lgan ish rejasi muhokama qilindi.
Yakunda Hay’at yig‘ilishi qarori bilan Hay’at mas’ul kotibi, 2024-yil uchun ish rejasi va Prezident Davlat stipendiyalariga munosib topilgan tayanch doktorantlar tasdiqlandi.






