KECHAGI KUN XATOLARI – BUGUNGA SABOQ
2024-08-22 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Avgust oyi oxirlamoqda. Bundan qariyb yetti yil muqaddam, shunday kunlarda “paxta terimi”ga tadorik ko‘rilib, qishning qirovli kunlarigacha paxta dalasidan beri kelmas ekanmiz-da, degan xadik hammamizning yuragimizni xavotirga solardi.
Negaki, talabalar o‘qish o‘ringa yilning to‘rtdan bir qismini paxta dalalarida o‘tkazardi. Chekka hududlarda paxta terimchisi bo‘lmasa, talabalar avtobuslarda tashilib, eski uylar va tashlandiq binolarda yashashga majbur qilinardi. Kuzning rutubatli kunlari zahri va ko‘saklar chanog‘idan talabalarning qo‘llari qadoq bo‘lib, barmoqlari yorilib ketardi. O‘sha kezlarda ba’zi talabalar paxtaga chiqmagani uchun o‘qishdan haydalishgacha borib yetgan. U paytlar inson qadri tugul yoshlar kelajagini, taqdirini belgilovchi ta’lim sifatiga ham befarq qaralar edi, desak xato bo‘lmaydi.
Chindan ham agrar siyosat uchun sifatli ta’limdan ko‘ra, paxta terimi dolzarb masala bo‘lgan. Mamlakat taraqqiyoti uchun o‘quvchilar, talabalarning ta’lim olishi emas, paxta xirmonlari, ya’ni jahon bozoriga paxta xomashyosi yetkazib berish ustuvor ahamiyatga ega edi. O‘zimiz mustaqil mamlakat bo‘lsak-da, eskicha ma’muriy boshqaruv, eskicha qarashlardan voz kecholmagandik.
Bundan o‘z manfaati yo‘lida foydalangan tashqi manbalar O‘zbekistonni fuqarolarini ekspluatatsiya qiluvchi agrar davlat sifatida qoralab, bong urardi. Natijada boykot e’lon qilinib, O‘zbekistonga investorlar tomonidan investitsiyalar kiritilmadi, buning oqibatida sanoat sust rivojlandi, demografik o‘sishga nisbatan qo‘shimcha qiymat yaratilmadi. Bu holatni mustaqil davlatda iqtisodiy turg‘unlik davri deb atash mumkin.
Yangi ruh, yangi iliq nafas
O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi va majburiy mehnat bilan bog‘liq muammolar nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro hamjamiyatlar tomonidan uzoq yillardan beri muhokama qilinib kelingan, xususan, 1991–2015-yillar oralag‘ida bu masalaga panja orasidan qaralib, faqat so‘nggi yetti yildagina bu borada tub islohotlar amalga oshirildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yildan davlat rahbari sifatida “xalqni rozi qilish” tamoyili asosida konstruktiv ulkan islohotlarga qo‘l urishi barobarida, paxta yetishtirish va yig‘im-terim jarayonlarini isloh qilishga katta e’tibor qaratdi. Xalqaro standartlarga muvofiq paxta yig‘im-terimida majburiy mehnatga chek qo‘yish maqsadida tezkor qonunlar qabul qilindi va amaliy ijroga yo‘naltirildi. Jumladan, paxta yig‘im-terimiga majburiy ravishda jalb etish amaliyoti byekor qilindi hamda mehnat qonunchiligiga doir xalqaro standartlar hayotimizga izchil tatbiq etildi.
Shu nuqtayi nazardan O‘zbekistonda 2016-yilni ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy tarixiy burilish yili bo‘ldi, deb ayta olamiz. Xususan, davlatimiz rahbari Samarqandda fermer-dehqonlar bilan uchrashuv chog‘ida fermerlarning paxta yetishtirib, daromad ko‘rmayotgani va talabalar majburiy mehnatga jalb etilganini “azob”, deb atagan edi.
Mazkur uchrashuvda paxta yetishtirish va terish muammolariga alohida e’tibor qaratilib, xomashyoning xarid narxi 40 foizga oshirilgani, tolasi endi xomashyo sifatida eksport qilinmasligi, klasterlar tomonidan to‘liq o‘zimizda ishlab chiqarilib, tayyor mahsulot sifatida xalqaro bozorlarga chiqish, qo‘shimcha qiymat yaratish ko‘zlangan edi.
Paxta yig‘im-terimi mavsumini amaldagi qonunchilikka muvofiq tarzda, fuqarolar manfaatini ustun qo‘ygan holda tashkil etish borasida zarur ko‘rsatmalar oddiy siyosiy qadamlar emas, inqilobiy o‘zgarishlarning iliq nafasi edi.
Huquqiy islohotlar samarasi
2015 va 2016-yillarda Jahon Bankining O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasiga kiritgan investitsiya hajmi 518,75 million dollarga teng bo‘lgan. O‘zbekiston hukumati Jahon Bankiga loyihalar bilan bog‘liq hududlar va joylarda majburiy hamda bolalar mehnatidan foydalanmaslikka va’da bergan.
Xalqaro hamjamiyat tomonidan 2015-yilda ushbu kelishuv talablari buzilgani haqida e’tirozlar kelib tushgan. Davlatimiz rahbarining ochiq-pragmatik tub islohotlari sababli 2016-yilda bu holatlarga mutlaq chek qo‘yilib, xalqaro integratsiyalashuv jadal sur’atlar bilan o‘sa boshladi.
Natijada 2021-yilda mamlakatimizga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar kirib kelishi 2,3 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 2,6 milliard dollargacha o‘sdi. Iqtisodiy raqamlardagi katta farqdan ko‘rinib turibdiki, yangi O‘zbekiston davrida olib borilayotgan ochiq-pragmatik islohotlar mamlakatni agrar sanoatlashgan davlatdan jadal o‘sib borayotgan industrial sanoatlashgan mamlakatga aylantira oldi.
Bunga shaffof demokratik islohotlar poydevor bo‘ldi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori majburiy mehnatga barham berishda mutlaq amaliy ijroni ta’minladi. Mazkur qaror paxta terimida majburiy mehnatning oldini olishga qaratilib, davlat organlarining bu boradagi mas’uliyatini kuchaytirdi. Paxta yig‘im-terimi mavsumida ixtiyoriy terimchilar uchun shart-sharoit yaratishni nazorat qilish, bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik bo‘yicha milliy monitoring yo‘lga qo‘yildi.
Monitoring natijalariga ko‘ra, paxta yig‘im-terimiga majburiy jalb qilganlik uchun mahalliy rahbarlar va davlat xizmatchilariga nisbatan jiddiy choralar ko‘rila boshlandi. Bu, o‘z navbatida, majburiy mehnat amaliyoti kamayishiga olib keldi. Ikkinchidan, majburiy mehnatga qarshi kurashish uchun mamlakat bo‘ylab keng qamrovli axborot kampaniyalari tashkil etildi. Mutasaddi tashkilotlar va jamoat birlashmalari orqali aholiga o‘z huquqlari hamda majburiy mehnatning noqonuniyligi to‘g‘risida ma’lumotlar tarqatildi. Uchinchidan, xalqaro tashkilotlar, jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti (ILO) va Jahon Banki bilan hamkorlikda majburiy mehnatni bartaraf etishga qaratilgan qator dasturlar amalga joriy qilindi. Bunday harakatlar mamlakatning paxta yetishtirish sohasidagi xalqaro imijini yaxshilashga yordam berdi.
Ulkan islohotlar natijasida 2021-yilga kelib, xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekistonda paxta terimida o‘quvchilar va talabalarni majburiy mehnatga jal qilishga chek qo‘yilganini e’tirof eta boshladi. Xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonning bu boradagi yutuqlarini tan olgan holda, mamlakatning paxta sanoatidagi sharoitlarni yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlab, turli moliyaviy dasturlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi, mamlakatimizda investitsion jozibadorlik osha bordi.
Paxta sanoatidagi islohotlar iqtisodiy rivojlanishga yordam berdi. Ishlab chiqarish jarayonini samaraliroq tashkil etish orqali hosildorlik oshdi, eksport salohiyati kengaydi va paxta yetishtirish jarayonida yuqori qo‘shimcha qiymat yaratishga yo‘naltirilgan yangi dasturlar ishlab chiqildi. Bu nafaqat paxtachilik sohasini, balki butun qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga yordam berdi.
Paxta yig‘im-terimida majburiy mehnatga chek qo‘yish va terim narxlarining barqarorlashishi, ayniqsa, qishloq joylaridagi ishchi kuchi uchun muhim ijtimoiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi.
O‘zbekistonning majburiy mehnatdan xalos bo‘lishi xalqaro maydonda mamlakatning obro‘sini oshirdi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatga investitsiyalar kirishi va savdo munosabatlarining yaxshilanishiga olib keldi. Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonning mehnat huquqlariga rioya qilish borasidagi yutuqlarini yuqori baholadi. O‘zbekistonning “Generalised System of Preferences” (GSP+) dasturi doirasida Yevropaga eksport qilish imkoniyatlari kengaydi.
OTMlar ko‘payishi va ta’lim sifatining oshishi –
ochiq-demokratik islohotlar hosilasi
Dunyo mamlakatlari aholisi qayerda inson huquqlari va qadri ta’minlangan bo‘lsa, o‘sha mamlakatga tashrif buyuradi, qo‘shni davlatlar u yerda o‘z farzandlarini o‘qitishga intiladi.
Yangi O‘zbekiston islohotlari “inson qadri uchun” tamoyili asosida dunyoga bo‘y cho‘zdi. Buni 2016-yildan keyin oliy ta’limda erishilgan yutuqlarda ko‘rish mumkin. Xususan, 2016-yildan so‘ng mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari ARWU – The Academic Ranking of world Universities, THE – Times Higher Education, QS – Quacquarelli Symonds World University Rankings kabi xalqaro tashkilotlar reytingida 1000 talikdan joy ola boshladi. Natijada O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari soni keskin o‘sdi, xususiy sheriklik shakli ta’lim sohasiga ham kirib keldi. Ayni paytda davlat va nodavlat OTMlari soni keskin ko‘paydi. 1991-yilda yurtimizda oliy ta’lim muassasalari soni 52 ta, 2000-yilda 61 ta, 2010-yilda 65 ta va 2016-yilda 77 ta edi. Ayni paytda 210 tani tashkil etmoqda. So‘nggi 7-yilda OTMlar soni ortishi 2 baravarga ortgani xalqaro integratsiyalashuv o‘sganini ko‘rsatadi.
Prezidentimizning 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida majburiy mehnat ta’lim sifatiga qay darajada salbiy ta’sir qilgani aniq ko‘rsatib berilgan. Mazkur qarorda 2017-yilgacha bir qator oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-pedagogik salohiyat qoniqarsizligi, ta’lim jarayonlarini axborot-uslubiy va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash zamonaviy talablarga javob bermasligi, ularning moddiy-texnika bazasini tizimli yangilashga ehtiyoj mavjudligi aytilgan. Shuningdek, ushbu hujjatda oliy ta’lim tizimida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilmagani, o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalar joriy etilmagani, ayniqsa, istiqbolli pedagog va ilmiy xodimlar xorijning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida stajirovkadan o‘tkazilmagani va malakasini oshirish borasidagi ishlar yetarli darajada olib borilmagani qayd etilgan.
Bundan tashqari, har bir oliy ta’lim muassasasi tomonidan xorijdagi yetakchi turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalari yaqindan yo‘lga qo‘yilmagani, o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan eng zamonaviy pedagogik texnologiyalar, ta’lim dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallar keng joriy etilmagani, ilmiy-pedagogik faoliyatga yuqori malakali chet el o‘qituvchilari va olimlari jalb etilmaganiga tanqidiy baho berilgan.
Mamlakatimiz iqtisodiyoti va oliy ta’limi o‘z qobig‘ida qolib ketishi natijasida yangi avlod o‘quv qo‘llanmalarini yaratish va oliy ta’lim tizimiga keng tatbiq etish, oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy o‘quv-uslubiy va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlash xalqaro talablar doirasida yo‘lga qo‘yilmagan edi.
Shu davrda pedagog kadrlarning kasb malakasi, mahoratini sifat jihatidan muntazam oshirib borish, pedagog va ilmiy xodimlarning stajirovkadan o‘tishini yo‘lga qo‘yish, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini PhD dasturi va xorijiy magistratura dasturlari asosida o‘qitish va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash dolzarb ahamiyat kasb eta boshladi.
O‘zbekistonning paxta sanoatini modernizatsiya qilish va majburiy mehnatdan xalos bo‘lishdagi tarixi ham mamlakatimiz taraqqiyoti va kelajak-avlod ta’limi uchun tarixiy burilish yo‘li bo‘ldi.
Oltin o‘rtaliqda rivojlanish pillapoyalari
So‘nggi yetti yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti ilm-fanga asoslangan innovatsion rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydi. O‘zbekistonni 2030-yilga qadar global innovatsion indeks reytingiga ko‘ra dunyoning 50 ta yetakchi davlatlari tarkibiga kiritish bo‘yicha ulkan maqsadga erishish uchun inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan strategik reja e’lon qilindi. Mazkur maqsad ilm-fandagi tegishli me’yoriy-huquqiy baza bilan tartibga solinadigan tub tarkibiy, tashkiliy, moliyaviy hamda kadrlar va infratuzilmaga oid o‘zgarishlarni amalga oshirishga qaratilgan. Mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshlik darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi va buni amalga oshirishda oliy ta’lim tizimi muhim ahamiyat kasb etadi.
Xususan, ta’lim standartlarini xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, yo‘nalishlar va o‘qitiladigan fanlarni qayta ko‘rib chiqish, mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar sonini ikki barobar qisqartirish, o‘quv jarayonini kredit-modul tizimiga o‘tkazishda raqamli texnologiyalardan samarali foydalandi.
Yurtimizda ta’lim sohasi uchun kadrlar tayyorlash sifatiga e’tiborni kuchaytirish, ilg‘or xorijiy tajribani keng joriy etish, pedagogik ta’lim infratuzilmasini yaxshilashga ustuvor vazifa sifatida qaramoqda. O‘tgan davr mobaynida iqtisodiyotning real sektori va ijtimoiy soha ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, yangi, shu jumladan, yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari tashkil qilindi. Zamonaviy o‘quv bosqichlari joriy etilib, talab yuqori bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 8-oktyabrdagi “O‘zbekiston Ryespublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasasalari, shu jumladan, nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari faoliyatini tashkil etish asosida oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizdan yuqori bo‘lishini ta’minlash rejalashtirilgan.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish, shubhasiz, tizim oldiga qator vazifalarni qo‘yadi. Mamlakatni modernizatsiya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish uchun xalqaro standartlar asosida yuqori malakali, kreativ va tizimli fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan kadrlar tayyorlash, ularning intellektual qobiliyatlarini namoyon etishi va ma’naviy barkamol shaxs sifatida shakllanishi uchun zarur shart-sharoit yaratish, sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish bugungi kun oliy ta’lim tizimining dolzarb vazifalaridan hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan yaqin yillarda oliy ta’lim muassasalarining faqatgina qamrovi oshirilgani yo‘q. Aksincha, talabalarning bilim saviyasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirda yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan yoshlar xohlagan professor-o‘qituvchi darslarida onlayn ravishda ishtirok etish imkoniyati bor.
Raqamlashtirishdagi islohotlar samarasida abituriyentlar hujjatlarini qabul qilish masofadan turib amalga oshirilmoqda. Vaqt, ota-ona xarajati va boshqa omillar tejalmoqda. Bundan tashqari, o‘qishga kirish uchun turli muassasalardan ma’lumotnomalar yig‘ish va boshqa inson omili mavjud jarayonlar uyda o‘tirib bajarilib, korrupsiyasiz ta’lim shakllanmoqda.
Provard maqsadlar ko‘zlangan yo‘l
O‘zbekistonda paxta terimida majburiy mehnatdan xalos bo‘lish jarayoni va xomashyoni o‘zimizda ishlab chiqarish yo‘nalishidagi klaster, kooperatsiya islohotlari mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishida yangi davrni boshlab berdi. Har bir qadam, har bir islohot yurtimizning global maydondagi mavqeini mustahkamladi, ijtimoiy barqarorlikni ta’minladi va iqtisodiy o‘sishga turtki berdi.
Ta’lim sifatiga jamiyatni rivojlantiruvchi omil va harakatlantiruvchi kuch sifatida qaralib, ilm-fan kambag‘allik, ijtimoiy tengsizlikka qarshi kurashishda amaliy vosita sifatida maydonga chiqdi.
Muxtasar qilib aytganda, berilgan tarixiy imkoniyatlardan samarali foydalanilgan holda, oliy ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida kuchaytirish, talaba-yoshlarning qalbi va ongiga vatanparvarlik g‘oyasini singdirib, xalqimizning yuksak salohiyati hamda insonparvarlik an’analariga sadoqatli bo‘lish ruhida tarbiyalash dolzarb ahamiyatga ega.
Ayniqsa, bugun mamlakatlar taraqqiyotida ta’lim sifatini muhandislik texnologiyalariga integratsiyalashgan holda taraqqiy ettirishga ustuvor vazifa sifatida qaralishi O‘zbekiston uchun ham namuna bo‘lib, so‘nggi yillarda ta’lim sohasida o‘tgazilgan tub islohotlar samarasidir.
Davlatimiz rahbarining oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan ta’minlash, talabalar va tadqiqotchilarning jahondagi ilg‘or ta’lim resurslari, ilmiy adabiyotlar va ma’lumotlar bazasi bilan ishlashga rag‘batlantirish tashabbusi oliy muhandislik maktablarini ishlab chiqarishga tatbiq qilish tashabbusi yo‘qotilgan yillar va imkoniyalarni qayta tiklashga xizmat qiladi.
Zero, keng ko‘lamli yangi O‘zbekiston fenomenidagi tub islohotlar 2030-yilgacha ko‘zlangan ulkan marralarga yetishish va uzoq istiqboldagi pirovard maqsadlarga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV,
oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri