Polshada 40 dan ortiq OTM rahbarlari ishtirokida akademik davra suhbati tashkil etildi
2024-07-13 16:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi vakillari, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari, Polsha Respublikasi Fan va oliy ta’lim vazirligi mutasaddilari, “Perspektywy” jamg‘armasi, CRASP rektorlari konferensiyasi, Polsha oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirok etdi.
Dastlabki kun SGH Varshava Iqtisodiyot maktabida o‘tkazilgan davra suhbatida oliy ta’lim, fan hamda innovatsiyalar yo‘nalishlaridagi munosabatlarni chuqurlashtirish, xususan, talabalar mobilligi dasturlari va akademik almashinuvlarni rivojlantirish, muhandislik, texnika va pedagogika sohasida erishilgan yutuqlarni yanada rivojlantirish, ilmiy aloqalarni mustahkamlash yuzasidan fikrlar almashildi. Shuningdek, suhbatning ishchi sessiyasida O‘zbekiston oliygoh rektorlari hamkorlik istiqbollari va kelajak rejalari haqida taqdimot qilishdi.
Akademik davra suhbatning ikkinchi kunida Polshaning Krakov shahrida hamkorlik munosabatlarining yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi va kelgusi rejalar kelishib olindi.
Uchrashuvlar yakunida manfaatli kelishuvlarga erishilib, ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalarining bir qator rektorlari tomonidan o‘zaro ta’lim, ilmiy-innovatsion sohalarda hamkorlikni qamrab olgan 30 ga yaqin memorandum imzolandi.









