Prezident topshirig‘i ijrosiga kirishildi
2024-06-22 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun, 22-iyun kuni ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida “Inno” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkida Toshkent shahridagi muhandislik sohasida kadrlar tayyorlovchi oliygohlar rahbarlari va 200 ga yaqin soha mutaxassislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov davlat rahbari raisligida o‘tgan yig‘ilishda muhandislik kadrlarini tayyorlash tizimida mavjud yutuq va kamchiliklar qayd etib o‘tilgani, shu bilan birga, kelgusida sohada amalga oshirish lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab berilganini qayd etib, ularga to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng, oliygohlar rahbarlari va soha mutaxassislarining tizimni rivojlantirish bo‘yicha taklif va mulohazalari tinglandi.
Shuningdek, “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida har bir oliygoh sanoat hamkorini topish va dual ta’limni yo‘lga qo‘yish borasida takliflar muhokama qilindi.
10 ta oliygohda “Oliy muhandislik maktablari” ochilishi, bunda har bir hududdan muhandislik sohasida ilg‘or oliy ta’lim muassasalari tanlab olingan holda faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligi bildirildi.
Shuningdek, Prezident topshirig‘i ijrosini sifatli ta’minlashga qaratilgan bir qator amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi. Jumladan:
“Oliy muhandislik maktablari”ni tashkil etish, sanoat hamkorlari hamda xorijiy hamkor oliygohlar bilan hamkorlik aloqalarni mustahkamlash, moddiy-texnik bazani mutahkamlashni nazarda tutuvchi normativ-hujjat ishlab chiqish;
yangi o‘quv yilidan boshlab talabalarga ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Registrator ofislari” faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
oliygohlardagi fakultet va kafedralarni maqbullashtirish taklif ishlab chiqish;
tarmoq korxona va tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirish va ular bilan xo‘jalik shartnomalarini imzolab, ta’lim va ilm-fan xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tijoratlashtirish rejasini tuzish;
kafedralar va ilmiy markazlar huzurida “Spin off” kompaniyalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha reja-jadval shakllantirish kabilar ko‘zda tutildi.









