Samarqandda Osiyo xotin-qizlari forumi o‘tkazilmoda
2024-05-13 15:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Forumdan koʻzlangan maqsad — mintaqada xotin-qizlarning imkoniyat va salohiyatini roʻyobga chiqarish masalalarini muhokama qilish, ularning iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish, davlat va jamiyat boshqaruvida xotin-qizlarning rolini mustahkamlash masalalarida tajriba almashish uchun oʻziga xos muloqot maydonini yaratishdan iborat.
Unda taʼkidlanganidek, bugungi kunda Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan 1,300 mln talabaning 653 mingdan ziyodini (50,4 foizni) xotin-qizlar tashkil etmoqda. Bu oʻz navbatida, 2017-yilgi koʻrsatkichdan 12 foizga oshgan. Magistratura bosqichida oʻqishini davom ettirayotgan talaba-qizlar soni 14 mingdan oshib, jami talabalar soniga nisbatan 60 foizni tashkil etadi.
2020-yildan boshlab ehtiyojmand oilalar farzandi boʻlgan xotin-qizlarni davlat granti (1000 ta kvota) asosida oliy taʼlim muassasalarga qabul qilish tizimi joriy etildi. 2021-yildan esa mazkur grant oʻrinlari soni ikki baravarga oshirildi va 2 mingtaga yetkazildi. Natijada mazkur imtiyoz asosida 2020-2023-yillar davomida 7 mingga yaqin xotin-qizlar davlat granti asosida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilindi.
2022-yildan boshlab davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlari qoplab berilishi va bunga har yili kamida Davlat byudjetidan 200 mlrd soʻm ajratilishi belgilandi.
2022-2023 oʻquv yilida magistraturada oʻqiyotgan 14 300 nafardan ziyod talaba qizlarning 190 mlrd soʻmdan ortiq kontrakt toʻlovlari toʻlab berildi.
Hozirda magistratura yoʻnalishida oʻqiyotgan talaba qizlar soni 17122 nafarni tashkil etib, umumiy talabalar sonining 56,0 foizini tashkil qilmoqda.
Mutaxassisligi boʻyicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy maʼlumotga ega boʻlmagan 500 nafar xotin-qizni har yili oliy taʼlim muassasasiga umumiy kvotadan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq oʻqishga qabul qilish tizimi joriy etildi. Natijada 2022-2023-yillarda ming nafarga yaqin xotin-qizlar toʻlov-kontrakt asosida oliygohga oʻqishga qabul qilindi.
Oliy taʼlim muassasalari, texnikum va kollejlarda sirtqi va kechki taʼlimda oʻqiyotgan xotin-qizlarning kontraktlarini toʻlash uchun 7 yilga foizsiz kredit berish tizimi joriy etilib, 181 500 nafardan ziyod talaba xotin-qizlarga 2,135 trln soʻmdan ortiq miqdorida foizsiz taʼlim krediti ajratildi.
Doktorantura yoʻnalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratilmoqda.
“Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusidagi Osiyo xotin-qizlari forumining 1-parallel sessiyasi “Pekin platformasi +30: bugungi global iqtisodiyotda xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish istiqbollari va bu boradagi tahdidlar” mavzusiga bagʻishlandi. Unga Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva moderatorlik qildi.
Ushbu sessiya doirasida tengsizlik va yangi tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi vaqtda xotin-qizlar huquqlarini targʻib qilishni davom ettirish usullarini izlash uchun xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi hozirgi holati muhokama qilindi.
Soʻzga chiqqanlar hozirgi kunda jahon va Osiyo mintaqasi ayollarining global iqtisodiyotdagi oʻrni; mintaqadagi xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi mavjud muammolar va istiqbollar; mintaqa davlatlarida Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining qay darajada samarali amalga oshirilayotganligi masalalari batafsil toʻxtaldilar.





