“Yangi Oʻzbekiston – ilm-fan, innovatsion texnologiyalar va ilgʻor kashfiyotlar markazi
2025-12-15 09:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Asar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish gʻoyasi — inson qadr-qimmati, ilm-fan, taʼlim, xalqlar oʻrtasidagi hamkorlik va taraqqiyotga qaratilgan buyuk oʻzgarishlar jarayonining oʻziga xos badiiy talqini sifatida biz uchun juda qadrlidir. Muallif bu gʻoyaning tarixiy ildizlarini, bugungi ifodasini va kelajakka qaratilgan strategik yoʻnalishlarini ijodiy uslubda yoritib, Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar mohiyatini xalqaro oʻquvchiga sodda va taʼsirchan tarzda yetkazishni maqsad qilgan.
Pokiston Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharifning kitobga soʻz boshi yozgani esa Prezidentimiz gʻoyalariga boʻlgan xalqaro eʼtibor va yuksak hurmatning yaqqol ifodasidir. Buning oʻziyoq Uchinchi Renessans konsepsiyasi nafaqat milliy darajada, balki mintaqaviy va global miqyosda ham dolzarb va ilhom manbai sifatida qabul qilinayotganini koʻrsatadi. Asarning Pokistonda yuqori qadrlanishi, ikki mamlakat oʻrtasidagi maʼnaviy, madaniy va intellektual yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, asardagi har bir bob Uchinchi Renessans gʻoyasining ilmiy-maʼrifiy asoslarini yanada ochib beradi. Jumladan, “Yuksak bilim va buyuk kashfiyotlar beshigi” nomi bilan berilgan bob alohida eʼtiborga loyiqdir.
Mazkur bobdan iqtibos keltiraman: “Mavzuni oʻrganish davomida janob Shavkat Mirziyoyev aytgan quyidagi soʻzlarning haqiqiy mohiyati men uchun yanada oydinlashdi: “Birinchi Renessans davrida Oʻzbekiston zaminida ilm-fan sohasida dunyoga mashhur buyuk allomalar, xususan, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino va boshqa olimlar, oʻnlab daholar oʻzlarining jahon miqyosidagi ilmiy yutuq va kashfiyotlari bilan insoniyat rivojiga ulkan hissa qoʻshgan”.
Bu soʻzlar nafaqat davlat rahbarining siyosiy pozitsiyasini, balki mamlakat kelajagi uchun tarixiy masʼuliyatni chuqur anglashini ham bildiradi. Bu soʻzlar nafaqat davlat rahbarining siyosiy pozitsiyasini, balki mamlakat kelajagi uchun tarixiy masʼuliyatni chuqur anglashini ham koʻrsatadi. Yuqorida nomlari tilga olingan buyuk mutafakkirlar va olimlar merosi, ularning ilm-fan taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi, zaminimizda azaldan yuksak ilm, yaratuvchan tafakkur va kashfiyotparvarlik ruhi hukm surganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Qadim Oʻzbekiston hududida shakllangan buyuk tamaddun oʻzidan nafaqat ulugʻvor meʼmoriy yodgorliklar qoldirdi, balki ilmiy gʻoyalar va kashfiyotlar orqali Birinchi Renessans poydevorini yaratdi. Haqiqat shundaki: saroylar vayron boʻlishi, oltinlar talon-taroj qilinishi mumkin, ammo gʻoyalar va ilmiy kashfiyotlar mangu barhayotdir.
Matematika, astronomiya, geologiya, tibbiyot, falsafa, mantiq asoslari — bularning barchasi Yevropa Uygʻonish davridan ancha oldin hozirgi Oʻzbekiston zaminida gullab-yashnagan, rivoj topgan sohalar edi. Ehtimol, bugun algebrani oʻrganayotgan, kosmik texnologiyalar yaratayotgan yoki sunʼiy intellektni rivojlantirayotgan insonlar ushbu fanlar ming yillar avval bu zaminda yashagan fozil olimlarning ulkan hissasi tufayli yuzaga kelganini bilmasligi mumkindir. Biroq oʻtmish allomalarining asarlari inson tafakkurining beqiyos qudratini, haqiqatga boʻlgan mangu intilishni eslatib turibdi. Ularning ilmiy merosi hanuz dunyo olimlariga ilhom, yangi kashfiyotlar uchun ruhiy kuch va ilmiy yoʻnalish berib xizmat qilmoqda.
Dunyoda Alfraganus nomi bilan mashhur boʻlgan Ahmad Fargʻoniy — jahon ilmi tarixida oʻchmas iz qoldirgan fargʻonalik dahodir. U IX asrda yashab oʻtgan buyuk astronom, matematik va geograf boʻlib, uning asarlari nafaqat Sharqda, balki Yevropada ham astronomiya fani rivojiga katta hissa qoʻshgan. Gʻarbda Fargʻoniyning bir qator asarlari asrlar davomida darslik sifatida qoʻllanilgan.
Ahmad Fargʻoniy qadimgi Oʻzbekiston zaminida yetishgan, dunyo ilm-fanining betakror va nufuzli siymosi sifatida eʼtirof etilgan. U butun insoniyat tamaddunining faxri sanaladi. Kosmografiya va olam tuzilishi haqidagi tasavvurlar rivojida ulkan oʻrin tutgan bu donishmand, keyinchalik yuz bergan koʻplab geografik va astronomik kashfiyotlarga, jumladan, kashfiyotlariga zamin yaratgan.
Fargʻoniy IX asrda Bogʻdodda tashkil etilgan mashhur ilmiy markaz — “Bayt ul-hikma” (“Donishmandlar uyi”) ning nufuzli olimlari safida boʻlgan. Ushbu noyob ilmiy muassasa oʻz davrining yetuk ahli donishlarini bir maskanga jamlagan markaz hisoblanib, u yerda antik davr bilimlari tarjima qilingan, oʻrganilgan va rivojlantirilgan.
Fargʻonalik daho dunyoga “Kitob al-harakat as-samoviya va javamiʼ ilm an-nujum” (“Samoviy harakatlar va yulduzlar ilmi toʻplami haqida kitob”) nomli mashhur asari bilan tanilgan. Ushbu asar asrlar davomida Sharq va Gʻarbda katta qiziqish bilan oʻrganilgan. XII asrdayoq uning lotin tiliga tarjima qilingani, XIII asrda esa boshqa Yevropa tillariga ham koʻchirilgani Fargʻoniy ilmiy merosining jahon sivilizatsiyasida tutgan oʻrnini yanada ravshanlashtiradi.
Fargʻoniyning ilmiy merosi jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida oʻchmas iz qoldirgani kabi, bu davrning yana bir buyuk allomasi — Abu Rayhon Beruniy ham inson tafakkuri imkoniyatlarini beqiyos kengaytirgan zotdir. Beruniy —madaniyatlar, davrlar va fanlar oʻrtasidagi koʻprikdir. U yer va osmonni, tillar va dinlarni, matematika va falsafani, tabiat va insonni oʻrgangan.Uning asarlari chuqur insonparvarlik, tajribaga tayanilgan tahlil va cheksiz tafakkur olamini anglashning yorqin namunasidir.
Qoʻlimizga globusni olganimizda, avvalo Abu Rayhon Beruniyni yodga olishimiz kerak: negaki u birinchilardan boʻlib Yer kurrasini nafaqat yasagan, balki uning tuzilishi, oʻlchami va hajmlarini aniq hisoblab chiqqan alloma edi. “Buyuk xorazmlik” ilk bor Yerning sharsimon shaklga egaligi haqida ilmiy taxminlarni ilgari surgan, shuningdek, Quyosh tizimining geliotsentrik tuzilishi haqida ham fikr bildirgan. Oradan olti asr oʻtib, Galileo Galiley oʻzigacha toʻplangan bilimlarga tayanib, shu fikrni Gʻarb hamjamiyatiga isbotlashga uringan edi.
Buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyni insoniyat tarixining ilk haqiqiy global tafakkur sohiblaridan biri, deb atasak mubolagʻa boʻlmaydi. Aytish joizki, agar Xristofor Kolumb Beruniy asarlari bilan tanish boʻlganida, qayerga suzib borayotganini anglagan boʻlardi. Chunki Beruniy Amerika ochilishidan qariyb 400-yil avvalyoq Yer kurrasining orqa tomonida nomaʼlum materiklar mavjudligini ilmiy asosda bashorat qilgan edi.
Amerikalik tarixchi Frederik Starrning quyidagi soʻzlari bejiz emas: “Amerikani Kolumb emas, balki Beruniy ochgan. AQSHda haykal qoʻyilishiga munosib inson — aynan Beruniydir.” Bu eʼtirof allomaning ilmiy kudratiga, uning insoniyat taraqqiyotidagi oʻrniga berilgan yuksak bahodir.
Beruniyning asarlari va qoʻlyozmalari bugungi kunda ham jahon ilmiy merosining qimmatli qismi sifatida Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Rossiya, Fransiya, Misr, Hindiston, Eron va boshqa koʻplab mamlakatlar kutubxonalarining oltin fondini bezab turibdi. Biroq bu buyuk merosning hammasi ham hali-xanuz toʻliq oʻrganilmagan: asarlarning bir qismi hanuz qoʻlyozma holatda boʻlib, hali olimlarimiz ularni tadqiq etishlari kerak. Beruniy amalga oshirgan qomusiy tadqiqotlar koʻlami, uning serqirra ilmiy merosini baxolash borasida hali oldinda juda katta ishlar turibdi.
Allomaning insoniyat ilm-fani rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasi xalqaro miqyosda ham munosib eʼtirof etilgan. Buning eng ramziy dalili — BMTning Vena shahridagi binosi oldida Oʻzbekistonning ikki buyuk allomasi: Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino haykallarining oʻrnatilganidir.
Oʻzbekiston Prezidenti 2023-yilda “Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO—Oʻzbekiston xalqaro mukofotini taʼsis etishni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi qarorni imzolagan edi. Ushbu qaror buyuk qomusiy olimining ilmiy-maʼrifiy merosini xalqaro miqyosda chuqur oʻrganish va keng targʻib etish yoʻlida muhim qadam boʻlib xizmat qilmoqda.
Insoniyat yuksak texnologiyalar davrida bilim, mafkura va axloqiy meʼyorlarni qayta koʻrib chiqish zaruriyati bilan yana bir bor toʻqnash kelayotgan bugungi kunda Beruniy merosi ayni vaqtdagidek dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Uning ilmiy merosi bizga ilm-fan taraqqiyoti insonparvarlik gʻoyalari bilan mushtarak boʻlgandagina haqiqiy qiymat kasb etishini eslatadi.
Ayniqsa sunʼiy intellekt, biotexnologiya va raqamli tizimlar misli koʻrilmagan tezlikda rivojlanayotgan davrda har bir ilmiy yangilik inson, jamiyat va sayyoramiz kelajagi uchun qanday masʼuliyat yuklashini unutmasligimiz zarur.
Shu maʼnoda Abu Ali ibn Sino Sharq Uygʻonish davrining buyuk vakili, uning timsoli, ruhi va eng ulugʻ ramzi sifatida namoyon boʻladi. Gʻarb vujud boʻlsa, Sharq jondir, deyishadi. Abu Ali ibn Sinoning ilmiy tafakkuri, falsafiy mushohadasi va sheʼriy olami bir-biriga uygʻun holda yashagan — goʻyo inson aqli, qalbi va ruhi bir tanga aylanganday.
Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asari oʻzining mukammalligi bilan boshqa barcha tibbiyotga oid kitoblarning oʻrnini egalladi va shak-shubhasiz, katta obroʻ qozondi. Yana maʼlumki, 5 qismdan iborat bu asar Yevropa tibbiyot universitetlari talabalari uchun 600-yil davomida asosiy oʻquv qoʻllanma boʻlib kelgan.
Ibn Sino tibbiyot sohasida misli koʻrimagan alloma boʻlish bilan bir qatorda, keng bilimli mutafakkir ham edi. U oʻzining “Mantiq” asarida ratsional tafakkur asoslarini chuqur tahlil qiladi. Uning uchun mantiq haqiqatni bilishning eng muhim quroli edi.
Ibn Sino mantiq ilmini fikrlash shakllari — tushuncha, hukm, xulosa va isbot haqidagi fan deb hisoblagan. Alloma mantiqsiz hech qanday ilmiy nazariyani yaratish mumkin emas, deb bilgan. Uning fikricha, donolikni koʻr koʻrona eʼtiqoddan, ilm-fanni aqidalardan ajratib turadigan narsa aynan mantiqiy tafakkurdir.
Olimning asari tizimli tafakkur va ilmiy uslubga asos solganligi bilan nafaqat islom falsafasi, balki butun jahon ilm-fani rivojida yetakchi rol oʻynadi. Uning tadqiqotlari tufayli mantiq olimlarga har qanday fanning rivojlanishini belgilab beruvchi xususiyatlar — gʻoyalarni yanada aniqroq shakllantirish, asoslarni tuzish va dalillarni taqdim etish imkonini beradigan muhim vositaga aylandi.
Ibn Sino haqli ravishda tibbiyot ilmlarining “otasi” hisoblanadi. Shu bilan birga, jahon ilmiy jamoatchiligi uning falsafiy-nazariy asarlariga ham yuqori baho berdi. Olim oʻzining “Mantiq” asarida: “Tibbiyot mening falsafa sohasidagi bilimlarimning mevasidir”, — deb yozadi. “Mantiq, — deb yozadi Ibn Sino, — insonga shunday bir qoida beradiki, bu qoida yordamida inson xulosa chiqarishda xato qilishdan saqlanadi”. Bugungi kunda bu asar dunyoning yetakchi universitetlarida ham oʻrganilmoqda.
Shunday qilib, Muhammad Abbos Xon “Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepsiyasi” kitobida Birinchi va Ikkinchi Sharq Uygʻonish davrining buyuk kashfiyotlari va ajoyibotlari haqida soʻzlarkan, Xorazm va Buxoroda, Samarqand va Fargʻonada maʼrifat oʻchoqlari qanday alangalangani, soʻz, tafakkur va raqamlar ilm-fan, falsafa va sanʼatning yaxlit, yorqin manzarasida mujassam boʻlganidan hikoya qiladi. “Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Ulugʻbek, Alisher Navoiy... kabi tabarruk nomlarni unutib boʻlarkanmi?!”, deb xitob qiladi. U qadimiy qoʻlyozmalarni chuqur oʻrgangani sari bu oltin davr oʻzida ochiq maʼlumotlardan koʻra sirlarni koʻproq yashirganligini anglaganini taʼkidlaydi.
XV asrda astronom Ulugʻbek Samarqandda yerga oʻyib oʻrnatilgan ulkan sekstantli bino — rasadxona qurdi. Ulugʻbekning yulduzli osmon jadvallari Yevropanikiga qaraganda aniqroq boʻlib, ulardan 200-yil avval tuzilgan. Qanday qilib u teleskopsiz bunday aniqlik bilan hisob kitob qilishga erishgan? Bu sir hali-hamon ilm-fan tarixchilarini hayratga solmoqda.
Muallif tarixiy rivoyatlar va buyuk muhandislik merosi haqida soʻz yuritar ekan, bir muhim xulosaga keladi: Sharq Uygʻonish davridan qolgan qoʻlyozmalardagi sirlar haligacha toʻla ochilmagan.
Toshkent va Buxoroda saqlanayotgan manbalarda Leonardo da Vinchidan uch asr avval yaratilgan, Yevropa Uygʻonishi ixtirolariga oʻxshash mashina va mexanizmlar haqida batafsil maʼlumotlar bor. Bu — oʻsha davrda Maʼmun Islom akademiyasida faoliyat yuritgan muhandis va olimlar tomonidan oʻlkaning ilmiy tafakkurida qanday darajadagi intellektual salohiyat shakllanganini koʻrsatadi.
“Murakkab mexanik qurilmalar haqida bilimlar kitobi”da esa suv soatlari, avtomat qurilmalar, choy uzatadigan qiz va nay chalayotgan musiqachi kabi dasturlanadigan mexanizmlar taʼrifi keltirilgan. Ular tarixdagi birinchi robotlar sifatida baholanadi. Bu asarda 100 ga yaqin ixtiro aniq tavsiflangan boʻlib, koʻplab mexanizmlar harakati maxsus elementlarni qayta sozlash orqali dasturlanishi mumkin boʻlgan.
Muallif ayni shu faktlarga tayanadi va savol qoʻyadi: nima uchun bu qoʻlyozmalar haligacha chuqur oʻrganilmadi, tarjimalar toʻliq amalga oshirilmadi va jahon ilmiy merosining ajralmas qismiga aylanmadi?
Uningcha, Sharq Uygʻonish davri bu sivilizatsiya ruhining yuksalishi, yangilikdan qoʻrqmaslik, ilmga intilish va abadiylik bilan muloqot qilishga urinishni ifoda etuvchi davrdir. U mavhum sirlar, hali ochilmagan yengib boʻlmas jumboqlar bilan toʻla boʻlgan.
Bu sirni ochish uchun biz albatta qoʻlyozmalarni oʻrganishishimiz kerak. Va eng asosiysi — oʻsha azaliy ruhni, yaʼni izlanish, intilish, yaratish va ijod qilish ruhini qayta uygʻotishimiz zarur. Faqat shu orqaligina Sharq Uygʻonishining maʼnaviy kuchi yana bir bor zamonaviy avlodni olgʻa yetaklovchi ruhiy daʼvatga aylanishi mumkin.
Professor Mustakim aka haqidagi materialni koʻrib chiqdim. Ilmga bunday mehr va saʼy-harakat quvonarli hol.
Faqat xalqaro miqyosdagi ilmiy tan olinish, ayniqsa Nobel darajasidagi nominatsiyalar uchun odatda yuqori impakt-faktorli, nufuzli jurnallardagi retsenziyadan oʻtgan maqolalar asos qilinadi. Bu — barcha olimlarga qoʻyiladigan umumiy talab.
Shu sababli, agar keyingi ishlar aynan shunday jurnallarda chop etilsa, ustozning ilmiy merosi yanada kengroq maydonda tanilishiga xizmat qiladi, deb oʻylayman.
Muallif oʻzi bayon etgan barcha fikrlar orqali yana bir muhim xulosaga olib keladi: bizning oldimizda ulkan maʼnaviy va ilmiy meros turibdi, uni anglash va rivojlantirish esa bugungi avlod zimmasida. Shu nuqtayi nazardan Muhammad Abbos Xonning “Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepsiyasi” asarining oʻzbek tilida xalqimizga taqdim etilishi beqiyos ahamiyatga ega.
Chunki ushbu kitob oʻtmish oʻzgarishlarini faqat tarixiy xotira sifatida emas, balki yangi uygʻonish poydevoriga aylangan intellektual meros sifatida koʻrishga chorlaydi. Undagi gʻoyalar bizni buyuk ajdodlarimiz qoldirgan maʼnaviy qudrat bilan yana bir bor uchrashtiradi, yuksak maqsadlarga intilishga ruh beradi.
Bu asarning oʻzbek tilida nashr etilishi — jamiyatimizda izlanish, yaratish va taraqqiyotga ishonch ruhini kuchaytiruvchi muhim qadamdir. Kitob oʻz Vatanida, oʻz xalqining ongida Uchinchi Renessans uchun maʼnaviy va fikriy zamin yaratadi, bizni tarixiy merosimizga qaytishga emas, balki uni davom ettirib, yangi bosqichga olib chiqishga undaydi.
Ana shunda Sharq Uygʻonishining abadiy ruhi yana bir bor jonalanadi, bizni yana olgʻa, yangi yutuqlarga yoʻllaydigan kuch-qudratga aylanadi.
