Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka qarshi xalqaro anjuman oʻtkazildi
2025-11-21 16:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilorom Fayziyeva, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri oʻrinbosari Raʼno Turdiboyeva, Oʻzbekiston xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi Ozoda Islomova ishtirok etib, gender tengligi, ayollarning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlash va xotin-qizlarning huquqiy himoyasi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Anjuman Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti, “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi huzuridagi “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida oʻtkazildi.
Konferensiyada mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlarida xotin-qizlarning faol ishtirokini kengaytirish, ularning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotdagi rolini oshirish, gender tenglik tamoyillarini chuqur targʻib qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Jamiyatda ayollarga nisbatan har qanday tazyiq va zoʻravonlikka murosasiz muhitni shakllantirish boʻyicha ilmiy, amaliy va huquqiy yondashuvlar taqdim etildi.
Shuningdek, shoʻbalarda ilmiy-amaliy maʼruzalar tinglanib, oʻzaro fikr almashinuvlar amalga oshirildi. Ishtirokchilar ayollarning jamiyat rivojidagi oʻrni, imkoniyatlarini kengaytirish va ularni qoʻllab-quvvatlash masalalarida oʻz taklif va mulohazalarini bildirdi.
Anjuman yakunida bildirilgan taklif va tavsiyalar xotin-qizlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, ularning salohiyatini roʻyobga chiqarish hamda gender tenglikni hayotga izchil tatbiq etish borasidagi kelgusi islohotlar uchun muhim amaliy asos boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi.








