Amalga oshirilayotgan ishlar
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tizimida dekabr oyi “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” deb eʼlon qilingan edi. Ushbu oyda Agentlik tomonidan bir qator tadbirlar amalga oshirildi

Shu jumladan, yosh avlod ongida korrupsiya haqida dastlabki tushunchalarni hosil qilish, ularda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish immunitetini shakllantirish, yoshlarning huquqiy va ijtimoiy faolligini yana-da yuksaltirish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish hamda jamiyatni korrupsiya illatlaridan xalos qilish maqsadida, Agentlik tizimi xodimlarining farzandlari o‘rtasida “Men korrupsiyaga qarshiman. Korrupsiya ko‘rinishlari va uning salbiy oqibatlari” mavzusida rasmlar tanlovi o‘tkazildi.

Tanlov natijalari:
1-o‘rin:
Po‘latova Afruza Akobirovna (Buxoro viloyati);
2-o‘rin:
Qurbonov Otabek Anvarovich (Surxondaryo viloyati);
Oltiboyev Muhammadali Izzatillayevich (Andijon viloyati);
3-o‘rin:
To‘lqinov Azizbek Erkin o‘g‘li (Toshkent shahri);
Muhammadjonov Aliakbar Miraliyevich (Buxoro viloyati);
Rustamov Behzodbek Dilshod o‘g‘li (Toshkent shahri).
"Katta to‘rtlik" (Big 4) xalqaro konsalting kompaniyalari tomonidan Davaktiv agentligida malaka oshirish dasturlari o‘tkazilmoqda
Joriy yilning 7-dekabr kuni Davaktiv agentligi hamda “Deloitte” xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan Agentlik xodimlari uchun “Deloitte” kompaniyasining konsalting bo‘yicha direktori Rustam Muxametshin ishtirokida "Korporativ boshqaruv" va “Komplayens” mavzularida seminar tashkil etildi.
Mazkur seminar "Katta to‘rtlik" (Big 4) turkumiga kiruvchi xalqaro audit va konsalting kompaniyalari tomonidan Davaktiv agentligi xodimlarini malakasini oshirish dasturlari doirasida tashkil etilgan. Bundan avval shu kabi seminarlar “KPMG” xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan ham o‘tkazilgan edi.

Maʼlumot uchun: Deloitte – audit, soliq va konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi xalqaro kompaniyalar tarmog‘i hisoblanadi.
Tadbir davomida Agentlik faoliyati misolida samarali korporativ boshqaruvni shakllantirishning amaliy masalalariga, shuningdek, komplayens funksiyasini amalga oshirishning ilg‘or tajribalariga eʼtibor qaratildi.
Xorijiy kompaniyalar tajribasidan kelib chiqib, Direktorlar kengashi, qo‘mitalar va boshqaruv organlarining o‘zaro hamkorligi tamoyillari va tartiblari, shuningdek, korporativ boshqaruv yetuklik darajasini oshirishning amaliy zarurati o‘rganildi.
Seminarda O‘zbekiston kompaniyalari tomonidan komplayens funksiyasini amalga oshirish ustida ish olib borilayotgani inobatga olinib, mazkur masala bo‘yicha xalqaro tajriba almashish maqsadida Agentlik xodimlari bilan interaktiv muloqot o‘tkazildi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonda korporativ boshqaruv va qonun hujjatlariga rioya etish sohasida qonunchilik va meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha kelgusida olib borilayotgan ishlar uchun seminarning samaradorligini taʼkidladilar.
Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Davaktiv agentligi direktori o‘rinbosari Q.Hakimov ishtirokidagi brifing

Brifing matni
Barchamizga maʼlumki, respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Buni mamlakatimizda so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan maʼmuriy islohotlar misolida ko‘rishimiz mumkin.
Taʼkidlash joizki, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tizimida ham korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq bo‘lgan tarkibiy tuzilma joriy etilgan bo‘lib, ushbu faoliyatni takomillashtirish uchun muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda hamda korrupsiya illatlarini oldini olish va profilaktika qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
O‘tgan davr mobaynida Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishda quyidagi ishlar amalga oshirildi:
Jumladan, Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ISO 37001 xalqaro standarti joriy qilinib, unga tegishli "Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi" sertifikatini qo‘lga kiritildi.
Shuni taʼkidlashimiz zarurki, ISO 37001 bu tashkilotda korrupsiyaga qarshi samarali tizimni yaratish uchun xalqaro modelni o‘z ichiga olgan dunyodagi birinchi xalqaro standart hisoblanadi.
Ushbu standartning sertifikatini olish orqali tashkilot investorlar, tadbirkorlar, davlat hokimiyati organlari hamda boshqa manfaatdor tomonlarga biznes jarayonlarini shaffof, qonuniy va jahonning ilg‘or tajribalariga muvofiq ravishda o‘tkazish qobiliyatini yuqori darajada namoyish etishi mumkin.
Agentlik mazkur standartning talablarini tadbiq etish doirasida, o‘z tizimida yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, uning asosida bir qator hujjatlar qabul qilindi va buning natijasida Agentlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish bo‘yicha harakatlar qonuniy tartibga solindi.
Jumladan, Agentlik buyrug‘i bilan:
- Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati;
- Agentlik tizimi xodimlarining “Odob-ahloq qoidalari”;
- “manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risida”gi Nizom;
- “Agentlik va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom;
- “Axborot xavfsizligi siyosati”;
- Xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha majburiyatlar;
- Agentlik tizimida bo‘sh ish o‘rinlariga xodimlarni qabul qilishda shaffoflikni taʼminlash, ularni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularni rotatsiya qilish, rag‘batlantirish tizimi joriy etildi.
Bundan tashqari, Agentlikda korrupsiya to‘g‘risida xabar berish yangi aloqa kanallari joriy etildi.
Xususan, Agentlikning Ishonch telefoni, Ichki nazorat va komplayens xizmati elektron pochta manzili, Agentlikning rasmiy veb-saytidagi so‘rovnomalar o‘tkazish sahifasi yaratildi hamda korrupsiya holatlari va Agentlik xodimlarning hatti-harakatlari yuzasidan murojaatlarni qabul qilish uchun tegishli Telegram-bot ishga tushirildi.
O‘z navbatida, Agentlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida ish samaradorligini oshirish maqsadida Agentlikning barcha hududiy boshqarmalarida va idoraviy mansub tashkilotlarida Ichki nazorat va komplayens xizmati bo‘linmalari tashkil etildi.
Yuqoridagilarga qo‘shimcha qilib, Agentlik markaziy apparatida korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori deb topilgan boshqarma va bo‘lim xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi keskin ko‘nikmalarini hosil qilish maqsadida, ularga tegishli tushunchalar berish va ularning malakasini oshirishga qaratilgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ISO 37001 xalqaro standarti doirasida o‘quv kurslarini tashkil qilish natijasida Agentlik xodimlari tegishli sertifikatlarga ega bo‘lishdi.
Shuningdek, Agentlikning xususiylashtirish, korporativ boshqarish, baholash, bankrotlik, davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, inson omilini qisqartirish bo‘ycha ishlarni amalga oshirish maqsadida “2022-2023 yillarda Agentlik tizimidagi zamonaviy IT texnologiyalarini yana-da takomillashtirish va inson omili yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarni raqamlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si qabul qilinib uni amalda tadbiq qilish bugungi kunda asosiy ko‘zda tutilgan maqsadlardan biridir.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 81-son qarori bilan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etilgan.
O‘z navbatida, Davaktiv agentligining korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish bo‘yicha ish faoliyati samaradorligi reytingi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “qoniqarli” natija bilan baholandi.
Taʼkidlab o‘tish joizki, kelgusida Agentlik korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish bo‘yicha murosasiz kurashishni maqsad qilib qo‘ygan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vazirlik va idoralar o‘rtasida ikkinchi bo‘lib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro ISO 37001:2016 standarti sertifikatini qo‘lga kiritdi


ISO 37001:2016 - bu tashkilotda korrupsiyaga qarshi samarali tizimni yaratish uchun xalqaro modelni o‘z ichiga olgan dunyodagi birinchi xalqaro standart hisoblanadi.
Qayd etish joizki, ISO 37001:2016 sertifikatini olish orqali tashkilot investorlar, tadbirkorlar, davlat hokimiyati organlari va boshqa manfaatdor tomonlarga jarayonlarni shaffof, qonuniy va jahonning ilg‘or tajribalariga mos ravishda o‘tkazishni yuqori darajada namoyish etishi mumkin.
Agentlik faoliyatini tizimli ravishda tahlil qilish nafaqat korrupsion xatarlarga moyil bo‘lgan sohalar va yo‘nalishlarni aniqlashga, balki huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida oldini olish bo‘yicha samarali choralarni ko‘rishga imkon yaratdi. Agentlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bir qator ichki meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Shuningdek amaldagi hujjatlar ushbu xalqaro standartga muvofiqlashtirildi.
Misol uchun, Agentlik tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarini raqamlashtirish orqali yuqori va o‘rta darajadagi korrupsion xatarlar bilan bog‘liq inson omili keskin qisqardi, byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi. Agentlik xodimlari faoliyatidagi manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning asoslari yaratildi. Bundan tashqari, davlat xaridlari sohasida kontragentlarni teshkirish amaliyoti joriy etildi va tuzilgan shartnomalarga korrupsiyaga qarshi shartlarni majburiy kiritish belgilandi. Agentlik markaziy apparati, tarkibiy tuzilmalarida ham kadrlar baholash tizimining shaffofligi oshirildi, bu esa adolat, halollik va xolislikni taʼminlash, mahalliychilik va qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘ymaslikni kafolatlaydi.Korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim omili bu faoliyatning ochiqligi va shaffofligidir. Shu bois, tizimda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar berish va aniqlangan holatlarni bartaraf etishning tashkiliy asoslari mustahkamlandi. Bugungi kunda (71) 259-21-37 ishonch telefoni, murojaatlar bo‘yicha https://murojaat.davaktiv.uz/ sayti, @davaktivuzbot va 1082 yagona call markazi, shuningdek, korrupsiya holatlari bo‘yicha murojaat uchun maxsus @csdavaktivbot (71) 259-21-22 telefon raqami ishlab turibdi. Jumladan, agentlikka 2020 yil 1 dekabr kuniga qadar barcha masalalar yuzasidan jami 1804 ta murojaat kelib tushgan.
Agentlik xususiylashtirish jarayonlarini ommaviy savdolar orqali, inson omilining aralashuvisiz, ochiq va shaffof tashkil etib kelmoqda. Jumladan, 2020 yilning 1 dekabr holatiga ko‘ra, "E-IJRO AUKSION" elektron savdo maydonchasi orqali 22857 ta mulk realizatsiya qilindi. Ushbu auksion savdolarida 98 958 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Bundan tashqari, Agentlik birinchi bo‘lib, Cert International sertifikatlashtirish organining davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarda boshqaruv tizimda talab qilinadigan ISO 55001:2014 standartlariga muvofiqligini tasdiqlovchi sertifikatiga ham ega bo‘ldi. ISO 55001:2014 standarti aktivlarni boshqarish tartibini belgilaydi. Ushbu xalqaro tan olingan normativ hujjat faoliyatning boshqa jihatlarini hisobga olgan holda aktivlarni boshqarish tartibining samaradorligini ko‘zda tutadi. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
