🌿 Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo'mitasida "Avtomobilsiz kun": Ekologiya va sog'lom turmush tarzi sari muhim qadam
2026-05-25 10:00:00 / Yangiliklar

Qo'mita raisining tegishli buyrug'iga asosan, 2026-yilning 1-may kunidan boshlab har oyning 10 va 25-sanalarida qo'mita tizimida "Avtomobilsiz kun" va "Avtomobilsiz hafta" aksiyalarini o'tkazish belgilandi.
Ushbu ekologik aksiya doirasida qo'mita xodimlariga belgilangan sanalarda quyidagi qat'iy talablar qo'yildi:
Xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qat'iyan taqiqlandi.
Ishga kelib-ketishda asosan jamoat transportidan, shuningdek, velosiped kabi ekologik toza vositalardan foydalanish tavsiya etildi.
E'tiborli jihati shundaki, ushbu kunlarda davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan avtotransport vositalaridan foydalanish odob-axloq qoidalarini buzishga tenglashtiriladi va bu holat aniqlanganda xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish masalasi ko'rib chiqiladi.
🚴♂️ Tashabbus amalda: Xodimlar shaxsiy o'rnak ko'rsatmoqda
Buyruq ijrosi doirasida bugun qo'mita binosi atrofida o'zgacha, sog'lom muhit hukm surmoqda. Aksariyat xodimlar ishga shaxsiy avtomobillarida emas, balki velosipedlarda tashrif buyurishdi. Bu nafaqat poytaxtimiz havosini toza saqlashga qo'shilgan hissa, balki xodimlarning jismoniy salomatligini mustahkamlash uchun ham ajoyib imkoniyatdir.
Qabul qilingan qarorning amaldagi isboti sifatida qo'mita avtoturargohi bugun odatdagidan butunlay farq qiladi. Turargoh mutlaqo bo'sh bo'lib, barcha xizmat avtomobillari harakatga chiqarilmasdan o'z joyida qoldirilgan.
"Avtomobilsiz kun" tadbirlari tabiatni asrash, shahar ko'chalarida tirbandliklarni kamaytirish hamda sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish yo'lidagi muhim qadamdir. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo'mitasi jamoasi bu kabi tadbirlarni kelgusida ham qat'iy davom ettirishni niyat qilgan.
🌐 Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Axborot xizmati







