O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasida yengil sanoat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi tarjima
2026-10-29 18:30:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 29-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov Bangladesh Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhammad Monirul Islom bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, investitsiyalarni jalb etish hamda to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida ikki mamlakatning ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalanish, tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarish va yetkazib berish hajmini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekistonda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo‘shma korxonalarni tashkil etish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Bangladeshning eksportga yo‘naltirilgan tikuvchilik sanoatini rivojlantirish va xalqaro ta’minot zanjirlariga integratsiyalashish borasidagi tajribasi muhokama qilindi.
Bangladesh kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilari va eksportchilari assotsiatsiyasi (BGMEA) ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-moliya yilida mamlakatning tayyor kiyim-kechak eksporti 38,7 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, jami tovar eksportining 80 foizidan ortig‘ini ta’minlagan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalarini xalqaro brendlar va yirik xaridor kompaniyalarning global ta’minot zanjirlariga integratsiya qilish, xalqaro standartlarni joriy etish, eksport buyurtmalarini ko‘paytirish hamda mahalliy mahsulotlarning yangi tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.




