Jizzax viloyatidagi bir qator yengil sanoat korxonalari faoliyati o'rganildi
2026-10-15 19:45:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 15-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodovning Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida hududdagi bir qator yengil sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishildi.
Tashrif davomida Mirzacho‘l tumanidagi “Mirzacho‘l tekstil”, Do‘stlik tumanidagi “Sentez Do‘stlik tekstil Aksesuari” MCHJ, Arnasoy tumanidagi “Arnasoy gold tekstil”, Paxtakor tumanidagi “Paxtakor tekstil” va “Paxtakor gold tekstil” MCHJ, Sharof Rashidov tumanidagi “Bokar tekstil” MCHJ, Jizzax shahridagi “Ramiza Silk” MCHJ, Zarbdor tumanidagi “Zarbdor tekstil” MCHJ hamda Bo‘ston shaharchasidagi “Betlis Tekstil” MCHJ korxonalarining ishlab chiqarish faoliyati o‘rganildi.
Muloqotlar davomida korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish, eksport bozorlariga chiqish imkoniyatlarini mustahkamlash, mavjud ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalanish hamda tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarni hal etish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, tarmoqni rivojlantirish, korxonalar faoliyatining samaradorligini oshirish va yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollariga e’tibor qaratildi.
Hududiy korxonalar faoliyatini chuqur o‘rganish, ishlab chiqaruvchilar bilan bevosita muloqot qilish va mavjud imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish yengil sanoat tarmog‘ining barqaror rivojlanishi hamda uning iqtisodiyotdagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


