O‘zbekiston va Polsha ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida “O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib chiqish” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
2026-10-13 14:30:00 / Yangiliklar

2026-yilning 13-oktabr kuni Toshkent shahrida Heimtextil Uzbekistan 2026 xalqaro ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston va Polsha ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida “O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib chiqish” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktorining o‘rinbosari Ruxullo Zikrillayev, Polsha Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Marian Przeździecki, PTAK Holding boshqaruvi raisi Nina Ryszka-Olbrychowska, Polshaning Wiliński kompaniyasi vakili Andrzej Wiliński, Pepco Group kompaniyasining yetkazib beruvchilarni izlash yo‘nalishi rahbari Jakub Ponedzelski, shuningdek, mahalliy yengil sanoat korxonalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozorida ilgari surish, shuningdek, ishlab chiqaruvchilar va xorijiy xaridorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Alohida e’tibor Polshadagi yirik savdo-ko‘rgazma majmualaridan biri — PTAK Fashion City imkoniyatlariga qaratildi. Unda o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlarini doimiy joylashtirish, ulgurji savdoni tashkil etish, yevropalik xaridorlar bilan hamkorlik qilish hamda o‘zbek kompaniyalarining Polsha bozorida doimiy ishtirokini yo‘lga qo‘yish mexanizmlari taqdim etildi.
Polsha tomoni vakillari, shuningdek, ishtirokchilarni Yevropa bozorining mahsulot assortimenti, dizayn va materiallar, mahsulot sifati, buyurtmalar hajmi, yetkazib berish muddatlari hamda logistika bo‘yicha talablari bilan tanishtirdilar.
Tadbir yakunida o‘zbek mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib chiqish masalalari va istiqbollari yuzasidan ochiq muhokama o‘tkazildi.






