Heimtextil Uzbekistan, Texworld Tashkent va Apparel Sourcing Tashkent xalqaro ko‘rgazmalari qizg‘in davom etmoqda
2026-10-12 16:50:00 / Yangiliklar

Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” majmuasida tashkil etilgan Heimtextil Uzbekistan, Texworld Tashkent va Apparel Sourcing Tashkent xalqaro ko‘rgazmalari qizg‘in davom etmoqda.
Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Qosimovich ko‘rgazma jarayonlari bilan yaqindan tanishib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyati, namoyish etilayotgan mahsulotlar assortimenti hamda xalqaro hamkorlik imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratdi.
Ayni paytda ko‘rgazmalar doirasida xalqaro ekspertlar ishtirokidagi panel sessiyalar, sohaviy ma’ruzalar, shuningdek, tadbirkorlar va xorijiy hamkorlar o‘rtasida B2B hamda davlat tashkilotlari vakillari bilan G2B formatidagi uchrashuvlar faol davom etmoqda.
Muzokaralarda eksport geografiyasini kengaytirish, xalqaro brendlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, xalqaro standartlarga muvofiqlikni ta’minlash hamda mahalliy korxonalarning global qiymat zanjirlaridagi ishtirokini kuchaytirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
6 ta davlatdan 200 ta kompaniya ishtirok etayotgan mazkur nufuzli xalqaro platforma O‘zbekiston yengil sanoatining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, milliy mahsulotlarni jahon bozorlarida keng targ‘ib qilish va yangi eksport shartnomalari uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Agentlik tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorlarga integratsiyalashuvini jadallashtirish, tadbirkorlar uchun yangi savdo imkoniyatlarini ochish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar eksportini rag‘batlantirish borasidagi tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Ko‘rgazmalar 14-oktabrga qadar davom etadi.









