Toshkentda xalqaro to‘qimachilik ko‘rgazmalari boshlandi
2026-10-12 13:00:00 / Yangiliklar

2026-yil 12-oktabr kuni Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi ko‘magida Heimtextil Uzbekistan, Texworld Tashkent va Apparel Sourcing Tashkent hamda xalqaro ko‘rgazmalari o‘z ishini boshladi.
Messe Frankfurt xalqaro brendlari ostida tashkil etilgan ko‘rgazmalarda 6 ta davlatdan 200 ta kompaniya ishtirok etmoqda. Shuningdek, 15 dan ortiq mamlakatdan 150 dan ziyod kompaniyani ifodalovchi 5 000 dan ortiq xalqaro xaridorlar (bayerlar) ro‘yxatdan o‘tgan.
Ko‘rgazmalar doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xorijiy xaridorlar o‘rtasida B2B uchrashuvlar, eksport muzokaralari hamda yangi investitsiyaviy va kooperatsion hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Alohida e’tiborga molik jihati, Agentlik tomonidan “Made in Uzbekistan” milliy pavilonida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ishtiroki 100 foiz subsidiyalanmoqda. Bu kichik va o‘rta biznes vakillarining xalqaro bozorlarga chiqishi, yangi buyurtmachilar topishi va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Ko‘rgazmalarda uy to‘qimachiligi, matolar, ip-kalava, tayyor kiyim-kechak mahsulotlari bilan bir qatorda, zamonaviy texnologik uskunalar va innovatsion ishlab chiqarish yechimlari ham namoyish etilmoqda.
Mazkur xalqaro platforma O‘zbekiston yengil sanoatining global ta’minot zanjirlariga integratsiyalashuvini jadallashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar eksportini kengaytirish hamda mamlakatimizning xalqaro to‘qimachilik bozoridagi raqobatbardosh mavqeini mustahkamlashda strategik ahamiyat kasb etadi.
Manzil: Toshkent shahri, “O‘zekspomarkaz” MKK.
Ko‘rgazmalar 14-oktabrga qadar davom etadi.









