YENGIL SANOATNI RAQAMLASHTIRISH YO‘LIDA YANGI HAMKORLIK
2026-10-09 14:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi hamda IT Park Uzbekistan vakillari o‘rtasida yengil sanoat korxonalarida ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida yengil sanoat korxonalariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, jarayonlarni avtomatlashtirish hamda mahalliy IT-mutaxassislar va IT Park rezidentlari salohiyatidan keng foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi va IT Park Uzbekistan o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum doirasida IT Park rezidentlarini yengil sanoat korxonalaridagi ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirish loyihalariga jalb etish, sanoat korxonalari hamda IT-kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, sohada raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha kompetensiyalarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Ushbu hamkorlik yengil sanoat tarmog‘ida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish va zamonaviy texnologik yechimlarni keng tatbiq etishga xizmat qiladi.




