Better Cotton Initiative bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-10-06 18:05:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 6-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov hamda Better Cotton Initiative (BCI) tashkilotining kommunikatsiyalar bo‘yicha bosh direktori Ben Meytland o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida kelgusi yilning yanvar oyida Marokashda bo‘lib o‘tadigan BCI konferensiyasida O‘zbekiston delegatsiyasining ishtiroki, shuningdek, o‘zbek paxtasi va to‘qimachilik mahsulotlarining xalqaro bozordagi nufuzini oshirishga qaratilgan xalqaro targ‘ibot dasturini ishlab chiqish masalalari kelishib olindi.
Shuningdek, Braziliya, Gretsiya va AQSh tajribasi asosida BCI standartlariga muvofiq milliy paxta standartini ishlab chiqish va uni xalqaro darajada tasdiqlatish masalalari muhokama qilindi. Bu orqali mahalliy paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda fermer xo‘jaliklarini sertifikatlash jarayonlarini yanada soddalashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Uchrashuvda fermerlar uchun xalqaro moliyaviy ko‘mak imkoniyatlarini kengaytirish istiqbollariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Ben Meytland O‘zbekistonda barqaror paxtachilik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholab, Agentlikka faol hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.






