O‘zbekiston–Afg‘oniston yengil sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda
2026-09-15 14:10:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 15-sentabr kuni Surxondaryo viloyatidagi “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida O‘zbekiston–Afg‘oniston yengil sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmani O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov hamda Afg‘oniston Savdo va sanoat vaziri Nuriddin Azizi ochib berdi.
Tadbirda O‘zbekistondan 90 dan ortiq, Afg‘onistondan 60 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etib, to‘qimachilik, trikotaj, tayyor kiyim-kechak, charm-poyabzal, gilam va boshqa yengil sanoat mahsulotlari namoyish etildi.
Ko‘rgazma doirasida B2B uchrashuvlar, biznes-muloqotlar va ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilib, yangi savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Agentlik mahalliy ishlab chiqaruvchi va eksportyorlarning Afg‘oniston bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish va bevosita biznes aloqalarini rivojlantirishga ko‘maklashmoqda.
Termizdagi ushbu ko‘rgazma — ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy diplomatiyani mustahkamlash va yengil sanoat sohasidagi amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamdir.









